Asosiy mazmunga oʻtish
Jonli maʼlumot 19avgust · Chorshanba
USD 11 820,40 ▼ −36,95 EUR 13 684,48 ▼ −61,75 RUB 139,05 ▼ −0,27 GBP 15 990,64 ▼ −84,37
Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Senat Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish toʻgʻrisidagi qonunni maʼqulladi

Qonunga koʻra, markaz hududida bank va investitsiya faoliyati, sugʻurta, qimmatli qogʻozlar bozori, toʻlov tizimlari, islom moliyasi, fintex, audit, konsalting va boshqa xizmatlar uchun alohida huquqiy rejim joriy etiladi.

Oliy Majlis Senati “Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida”gi konstitutsiyaviy qonunni takomillashtirishlardan soʻng maʼqulladi. Hujjat xalqaro kapitalni jalb qilish, investitsiya muhitini yaxshilash va zamonaviy moliya infratuzilmasini shakllantirishga qaratilgan.

Qonunga koʻra, markaz hududida bank va investitsiya faoliyati, sugʻurta, qimmatli qogʻozlar bozori, toʻlov tizimlari, islom moliyasi, fintex, audit, konsalting va boshqa xizmatlar uchun alohida huquqiy rejim joriy etiladi.

Markaz ishtirokchilari uchun soliq va boshqa imtiyozlar, shuningdek, xorijiy investorlar va mutaxassislar uchun yengilliklar nazarda tutilgan. Jumladan, ishtirokchilar xorijiy mutaxassislarni qoʻshimcha ruxsatnomasiz ishga qabul qilishi, moliya markaziga aloqador chet el fuqarolari esa besh yilgacha muddatga viza olishi mumkin boʻladi.

Shuningdek, qonun bilan Toshkent xalqaro tijorat sudini tashkil etish belgilanmoqda. Uning vakolatlari, sud yurisdiksiyasi hamda sudyalarni tanlash mezonlari xalqaro standartlar asosida shakllantiriladi.

Senator Erkin Gadoyevning taʼkidlashicha, hujjatni qayta ishlash jarayonida soliq va viza imtiyozlaridan foydalanish shartlari, minimal investitsiya talablari, mablagʻlarning kelib chiqishi hamda investorlarni himoya qilish mexanizmlari aniqlashtirilgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, Toshkent xalqaro moliya markazi 2030 yilga borib har yili mamlakat iqtisodiyotiga 20−25 mlrd dollar investitsiya jalb qilishi va YAIMga kamida 1 foiz hissa qoʻshishi mumkin.