Minsk shahrida 8 iyul kuni Oʻzbekiston Savdo uyining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbir Shavkat Mirziyoyevning Belarusga rasmiy tashrifi doirasida Savdo-sanoat palatalari hamkorligida tashkil etildi.
Maʼlum qilinishicha, Oʻzbekiston Savdo uyi Minsk shahridagi Gʻoliblar prospekti, 63V manzilida joylashgan. Uning umumiy maydoni 261,3 kvadrat metrni tashkil etadi.
Savdo uyida Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar doimiy ravishda namoyish etilib, Belarus bozoriga ulgurji narxlarda taklif qilinadi.
Yangi Savdo uyi Oʻzbekiston mahsulotlarini Belarus bozorida keng targʻib qilish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi savdo imkoniyatlarini yaratish hamda ikki davlat tadbirkorlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, mazkur maydon qoʻshma investitsiya va ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish uchun ham imkoniyat yaratishi taʼkidlandi.


