Asosiy mazmunga oʻtish
Jonli maʼlumot 19avgust · Chorshanba
USD 11 820,40 ▼ −36,95 EUR 13 684,48 ▼ −61,75 RUB 139,05 ▼ −0,27 GBP 15 990,64 ▼ −84,37
Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

Oʻzbekiston joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi 19 barobarga oʻsdi, tashqi qarz oʻzgarmadi

Oʻzbekistonning sof xalqaro investitsion mavqei birinchi chorakda 10 foizga mustahkamlanib, 21,6 mlrd dollarga yetdi.

2026 yilning birinchi choragi yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi keskin oʻsib, $5,8 mlrd ni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bankning mamlakat toʻlov balansi, xalqaro investitsion mavqei va tashqi qarziga bagʻishlangan sharhida keltirilgan.

Jahon iqtisodiyotida saqlanib qolayotgan geosiyosiy keskinlik va yuqori noaniqlikka qaramasdan, Oʻzbekistonning tashqi sektorida avvalgi davrlarda qayd etilgan ijobiy tendensiyalar saqlandi. Bu oltinni hisobga olmaganda tovarlar va xizmatlar eksportining oʻsishida, xalqaro pul oʻtkazmalari hajmining ortishida, shuningdek, xalqaro zaxiralarning yana-da koʻpayishida namoyon boʻldi va mamlakatning sof xalqaro investitsion mavqeini mustahkamlashga xizmat qildi.

Yanvar-mart oylarida joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi $5,79mlrd ni tashkil etdi, oʻtgan yilning shu davrida bu koʻrsatkich $304 mln ga teng edi. Bunga asosan salbiy savdo balansining $2,7 mlrddan $8,3 mlrdgacha keskin kengayishi sabab boʻldi.

Birinchi chorakda eksportning umumiy hajmi $5,6 mlrdgacha kamaydi. Jumladan, tovarlar eksporti $6,2 mlrddan $3,4 mlrdgacha pasaydi, bu birinchi navbatda oltin sotishning toʻxtatilishi bilan bogʻliq. Shu bilan birga, qimmatbaho metallni hisobga olmaganda, boshqa tovarlar eksporti 29% ga, xizmatlar eksporti esa 18% ga oʻsib, $2,17 mlrdni tashkil etdi.

Yuqori investitsion faollik va barqaror ichki talab fonida importning umumiy hajmi 29% ga oshib, $13,9 mlrd ga yetdi. Tovarlar importi 33% ga oʻsib, $10,2 mlrdni, xizmatlar importi esa 19% ga oʻsib, $3,7 mlrdni tashkil etdi. Bunga asosan mashina va uskunalar, transport vositalari, kimyo va mineral mahsulotlar, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilishi hissa qoʻshdi.

Savdo balansi taqchilligi va birlamchi daromadlar boʻyicha $43 mlnlik salbiy saldoga qaramay, nomutanosiblikning bir qismi ikkilamchi daromadlar boʻyicha $2,5 mlrdni tashkil etgan sof tushumlar hisobidan qoplandi. Bunda ikkilamchi daromadlar boʻyicha umumiy tushumlar hajmi $2,9 mlrdga yetdi.

Joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi asosan toʻgʻridan-toʻgʻri va boshqa investitsiyalar boʻyicha operatsiyalar hisobidan moliyalashtirildi. Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarning sof oqimi $702 mlnni, portfel investitsiyalarini sof jalb qilish $4,1 mlnni tashkil etdi. “Boshqa investitsiyalar” moddasi boʻyicha esa valyuta va depozitlar, savdo kreditlari, shuningdek, davlat sektori, banklar va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarining tashqi qarzlariga oid operatsiyalar hisobiga qariyb $1,1 mlrdlik sof oqim qayd etildi.

Birinchi chorak yakunlariga koʻra, moliyaviy hisobvaraqning salbiy saldosi $4,9 mlrdni tashkil etdi. Ayni paytda xalqaro zaxiralarning valyuta qismi $3,1 mlrdga kamaydi, biroq oltinning jahon narxlari oʻsishi xalqaro zaxiralarning umumiy hajmini qariyb $2,7 mlrdga oshirib, 2026 yil 1 aprel holatiga koʻra $69 mlrdga yetkazish imkonini berdi.

Chorak davomida Oʻzbekistonning sof xalqaro investitsion mavqei 10% ga mustahkamlanib, $21,6 mlrdga yetdi. Rezidentlarning tashqi aktivlari hajmi $2,6 mlrdga koʻpayib, $131,08 mlrdni, tashqi majburiyatlari esa atigi $534 mlnga oʻsib, $109,49 mlrdni tashkil etdi.

1 aprel holatiga koʻra, Oʻzbekistonning jami tashqi qarzi yil boshidagi darajada saqlanib, $82,2 mlrdni tashkil qildi. Uning tarkibida davlat tashqi qarzi $40,5 mlrdni, korporativ qarz esa $41,7 mlrdni tashkil etdi.

Markaziy bank korporativ tashqi qarzlar xususiy sektor tomonidan davlat kafolatlarisiz jalb qilinishi hamda kompaniyalar va banklarning oʻz mablagʻlari hisobidan soʻndirilishini taʼkidladi. Shu bilan birga, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi baholariga koʻra, Oʻzbekistonning tashqi qarz yuki moʻtadil darajada qolmoqda, chunki qarz mablagʻlarining katta qismi imtiyozli shartlar asosida jalb qilingan.