Asosiy mazmunga oʻtish
Jonli maʼlumot 19avgust · Chorshanba
USD 11 820,40 ▼ −36,95 EUR 13 684,48 ▼ −61,75 RUB 139,05 ▼ −0,27 GBP 15 990,64 ▼ −84,37
Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

Iyun oyida Oʻzbekistonda dollar kursi qanday oʻzgardi?

Iyun oyida soʻm dollarga nisbatan 0,5 foizga zaiflashib, bir dollar uchun 12 060,84 soʻmni tashkil etdi. Bunda yil boshidan buyon milliy valyuta bor-yoʻgʻi 0,3 foizga arzonlashgan.

Foto: “novostipmr.com”

Iyun oyida soʻmning AQSH dollariga nisbatan rasmiy kursi 0,5 foizga pasaydi. Bu Markaziy bank maʼlumotlarida aks etadi.

31 may holatiga koʻra, dollarning rasmiy kursi 11 997,83 soʻmni tashkil etgan boʻlsa, 30 iyunga kelib bu koʻrsatkich 12 060,84 soʻmga yetdi — shu tariqa, bir oy davomida amerika valyutasi 63,01 soʻmga yoki 0,5 foizga qimmatladi. Taqqoslash uchun, aprel oyida soʻm dollarga nisbatan qariyb 2 foizga mustahkamlangan boʻlsa, may oyida 0,5 foizga qadrsizlangan.

Bunda yil boshidan buyon milliy valyuta dollarga nisbatan bor-yoʻgʻi 0,3 foizga qadrin yoʻqotdi. 1 yanvar holatiga koʻra, rasmiy kurs bir dollar uchun 12 025,33 soʻmni tashkil etgan, shu sababli iyun oyi oxiriga kelib dollar atigi 35,51 soʻmga qimmatlashdi.

Iqtisodchi, Janubiy Koreyaning Chonbuk Milliy universiteti magistri va Mirkonomika Telegram kanali muallifi Mirkomil Xolboyev iyun oyida jahon bozorida dollarning mustahkamlanishini AQSH Federal zaxira tizimi (FZT) tomonidan foiz stavkalari yanada oshirilishi kutilayotgani bilan izohladi.

Uning soʻzlariga koʻra, FZTning 17 iyundagi yigʻilishiga qadar tahlil uchun tanlab olingan valyutalardan 11 tasi dollarga nisbatan mustahkamlanayotgan edi. Yigʻilishdan keyin esa faqat ikkita valyuta qiymatini oshira oldi, qolgan 32 tasi esa arzonlashdi.

Iqtisodchi, shuningdek, neft eksportiga bogʻliq boʻlgan bir qator valyutalar, xususan, Rossiya rublining zaiflashishiga Yaqin Sharqdagi keskinlik yumshaganidan keyin jahon bozorida neft narxining tushib ketgani qoʻshimcha omil boʻlganini taʼkidladi.

Umuman olganda, iyun oyida tahlil qilingan 39 ta valyutadan faqat toʻrttasi dollarga nisbatan mustahkamlandi, qolganlari esa yo oʻzgarishsiz qoldi (jumladan, qatʼiy kursga ega valyutalar), yoki qadrsizlandi.

“Soʻm oy davomida dollarga nisbatan 0,5 foizga qadrsizlanib, tanlab olingan valyutalar orasida nisbatan past darajada qadrsizlangan valyutalardan biri boʻlib qolgan”, — deya qayd etadi Mirkomil Xolboyev.

Taqqoslash uchun, Rossiya rubli iyun oyida dollarga nisbatan 7,7 foizga arzonlashib, tahlil qilingan valyutalar orasida pasayish boʻyicha yetakchiga aylandi. Qozogʻiston tengesi esa nisbiy barqarorlikni saqlab qoldi va bor-yoʻgʻi 0,1 foizga kuchsizlandi.

Jahonning yirik valyutalari orasida Shveysariya franki dollarga nisbatan 3,1 foizga, yevro 2,1 foizga, Buyuk Britaniya funti 1,8 foizga, Yapon iyenasi esa 1,5 foizga arzonladi. Oʻzbekistonning eng yirik savdo hamkorlaridan biri boʻlgan Xitoy yuani esa 0,6 foizga pasaydi.

Iqtisodchi, shuningdek, soʻm oʻzgaruvchanligining pasayganiga ham eʼtibor qaratdi. Uning hisob-kitoblariga koʻra, milliy valyutaning iyun oyidagi oʻrtacha kunlik volatilligi may oyiga nisbatan 22,6 foizga — 0,31 foizdan 0,24 foizgacha qisqargan.

Oʻtgan yilning iyun oyi bilan solishtirganda esa volatillik deyarli ikki barobarga kamaygan.

Oʻtgan yili kurs tebranishlari kuchayganidan soʻng, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi soʻmni crawl-like arrangement (kurs muayyan parametrlar doirasida bosqichma-bosqich oʻzgarib turadigan uziluvchan bogʻliqlik) rejimidan erkin suzuvchi (floating) valyutalar toifasiga oʻtkazgan edi.

Mirkomil Xolboyevning soʻzlariga koʻra, kunlik oʻzgaruvchanlik darajasi boʻyicha ham soʻm iyun oyida eng barqaror valyutalar qatoridan joy oldi.

Taqqoslash uchun, Rossiya rublining kunlik volatilligi 0,84 foizni, tengeniki esa 0,44 foizni tashkil etgan boʻlsa, Kanada dollari, yevro va Buyuk Britaniya funti koʻrsatkichlari oʻzbek valyutasiga yaqin boʻldi — tegishlicha 0,24, 0,29 va 0,30 foiz.