Oʻzbekistonda 2026 yil may oyida banklardagi muammoli kreditlar miqdori 1,7 trillion soʻmga (7,7 foiz) koʻpaydi. Bu haqda Markaziy bank maʼlum qildi.
1 iyun holatiga koʻra, respublikada muammoli kreditlarning jami qiymati 23,6 trillion soʻmdan oshgan. Bu koʻrsatkich 1 may kuni 21,9 trillion soʻmni tashkil etgandi.
Qaytarilmayotgan foizli qarzlarning 16,7 trillion soʻmi davlat banklari hissasiga toʻgʻri kelmoqda (bir oy oldingidan 1,6 trillion soʻmga koʻp). Qolgan qismi (6,9 trillion soʻm) xususiy banklarga tegishli (bir oyda 100 milliard soʻm oshgan).
Eng yirik miqdordagi muammoli kreditlarni yettita (jami toʻqqizta davlat banki mavjud) davlat banki ajratgan. Birinchi oʻrinda qaytarilmayotgan 3,54 trillion soʻm kreditlari bilan Oʻzmilliybank turibdi. Keyingi oʻrinlarni quyidagi davlat banklari egallagan:
- Agrobank — 3,1 trillion soʻm;
- Oʻzsanoatqurilishbank — 2,1 trillion soʻm;
- Asaka bank — 1,94 trillion soʻm;
- Mikrokreditbank — 1,78 trillion soʻm;
- Xalq banki — 1,75 trillion soʻm;
- Biznesni rivojlantirish banki — 1,1 trillion soʻm.
Xususiy banklardan qaytarish muddati oʻtgan kreditlar miqdori yirikligi boʻyicha Kapital bank birinchi oʻringa chiqqan — 1,3 trillion soʻm. Keyingi oʻrinni Ipoteka-bank egallagan boʻlib, jami 1 trillion soʻmdan ortiq muammoli kreditlari mavjud.
2025 yil yakunida banklarga qaytarilmayotgan foizli qarzlar miqdori 18,05 trillion soʻmgacha qisqargandi. Biroq joriy yilda mazkur koʻrsatkich oʻsib bormoqda. Jumladan, yanvar oyida 19,3 trillion soʻmga, fevralda 20,2 trillion soʻmga yetgan. Mart oyida qisqarish kuzatilib 19,86 trillion soʻmni tashkil etgan. Aprelga kelib, qaytarilmayotgan qarzlar ulushiga yana ikki trillion soʻm qoʻshilgan.
Umuman olganda, respublikada oxirgi besh yil davomida muammoli kreditlar ulushi sezilarli ortgan. Xususan, 2021 yil 1 yanvarda jami muddati oʻtgan qarzlar 5,8 trillion soʻm edi. Oradan bir yil oʻtib bu raqam birdaniga 17 trillion soʻmga chiqqan. Mazkur keskin oʻsish pandemiya va undan keyingi tiklanish davriga toʻgʻri kelgan. 2023 yil yanvarda 14 trillion soʻmlik, 2024 yil boshida 16,6 trillion soʻmlik muammoli kreditlar qayd etilgan. 2025 yil yanvarida muammoli qarzlar 21 trillion soʻmdan oshib ketgandi.


