2026 yil mayda Toshkent shahridagi uy-joylar ijara narxi oʻrtacha 550 dollarni tashkil etdi. Hisob-kitoblar Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tomonidan amalga oshirildi.
Oʻtgan oyda poytaxtdagi oʻrtacha ijara qiymati 2025 yil maydagiga qaraganda 10 foizga oshgan.
Taklif sezilarli kamaydi
Hududda may oyida ijara takliflari soni sezilarli qisqargan. Yaʼni oʻtgan oyda ijara boʻyicha 18,1 mingta eʼlon berilgan. Bu apreldagi 22,8 mingtaga nisbatan qariyb 21 foizga kam.
Eʼlonlarning 42,4 foizi Mirzo Ulugʻbek (16,9 foiz), Mirobod (12,9 foiz), Yunusobod (12,6 foiz) tumanlari hissasiga toʻgʻri kelgan.
Narx hududga bogʻliqligicha qolmoqda
Eng yuqori ijara narxlari Toshkentning Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida shakllangan. Bunda hudud omili narxga sezilarli taʼsir qilishda davom etgan. Ayniqsa, uch xonali, toʻrt va undan ortiq xonali uylarda qimmat hamda arzon hududlar oʻrtasidagi tafovut ikki barobardan yuqori. Masalan, Mirobodda bir xonali uy ijarasi oyiga oʻrtacha 600 dollar. Olmazor, Sergeli va Uchtepada esa bu qiymat 350 dollarni tashkil etgan.
Ikki xonali xonadon ijarasi Mirobod va Shayxontohurda 700 dollar boʻlsa, Sergeli va Uchtepada 400 dollar atrofida. Uch xonali uyda Mirobod va Shayxontohurda ming dollarga, Sergeli va Uchtepada 450 dollarga bir oy yashash mumkin. Toʻrt va undan koʻp xonali xonadonlar ijarasi Mirobodda 1150 dollar, Yakkasaroyda 1100 dollar, nisbatan arzon hududlardagi narxlar esa 500-550 dollar atrofida shakllangan.
Ikki xonali uyga talab yuqori
Tahlil qilinishicha, poytaxtda ikki xonali xonadonlarga boʻlgan talab eng yuqori hisoblanadi. May oyida ijara eʼlonlarining 86 foizga yaqini ikki va uch xonali xonadonlar hissasiga toʻgʻri kelgan. Aniqrogʻi, taklifning qariyb 59,6 foizini ikki xonali uylar tashkil etgan.
Oʻz navbatida xonadonlardagi xonalar boʻyicha narxlar turlicha shakllangan. Misol uchun, bir xonali uyning oylik ijara haqi oʻrtacha 400 dollar boʻlgan. Bu bir yil avvalgidan 14,3 foizga baland.
Ikki xonalilar ijarasi 500 dollar va yil davomida narx oʻzgarmagan. Uch xonali uylar ijarasi 700 dollar boʻlib, soʻnggi bir yilda narx oʻzgarishi kuzatilmagan.
Toʻrt va undan koʻp xonali uylar ijarasi oʻrtacha 800 dollar. Mazkur segmentda yillik narxi oʻsishi qariyb 20 foizga yetgan.
Umuman olganda, tahlilda mulkdorlar ijara narxini belgilashda tuman va xona soniga alohida eʼtibor berayotgani qayd etilgan.


