Asosiy mazmunga oʻtish
Jonli maʼlumot 19avgust · Chorshanba
USD 11 820,40 ▼ −36,95 EUR 13 684,48 ▼ −61,75 RUB 139,05 ▼ −0,27 GBP 15 990,64 ▼ −84,37
Maʼlumot: Markaziy bank
Moliya

Oʻzbekistonda lombardlar uch oyda 1 trln soʻmlik mikroqarzlar ajratdi

Hududlar kesimida koʻrsatilgan mikromoliya xizmatlarining 20,6 trln soʻmi yoki 58 foizi Toshkent shahri hissasiga toʻgʻri keladi. Eng yuqori oʻsish koʻrsatkichi Andijon, Samarqand va Toshkent viloyatlarida kuzatilgan.

Foto: Nova 24

Markaziy bank 2026 yil I chorak yakuni boʻyicha Mikromoliya xizmatlari bozori sharhini eʼlon qildi. Kredit tashkilotlari tomonidan joriy yilning yanvar mart oylarida jami 35,8 trln soʻm miqdorida mikromoliya xizmatlari koʻrsatilib, 2025 yilning mos davriga nisbatan 5,2 trln soʻmga yoki 17 foizga oshgan.

Natijada, koʻrsatilgan mikromoliya xizmatlarining jami ajratilgan kreditlardagi ulushi 2025 yilning mos davriga nisbatan 0,6 foiz bandga ortib, 35,1 foizni tashkil etgan.

Ishtirokchilar kesimida banklar yetakchi hisoblanib, ularning ulushi 66 foizni tashkil qildi. Qolgan ulush mikromoliya tashkilotlari (31,2%) va lombardlar (2,8%) hissasiga toʻgʻri keladi.

Yuqori oʻsish koʻrsatkichi davlat ulushi mavjud banklar kesimida Agrobank, Oʻzmilliybank va Xalq bankida, xususiy banklar kesimida Ipoteka bank, Hamkorbank va Anorbankda qayd etildi.

Mikromoliya tashkilotlari tomonidan koʻrsatilgan jami 11,2 trln soʻmlik mikromoliya xizmatlarining 71 foizi yoki 7,9 trln soʻmi uchta mikromoliya tashkilotlari, yaʼni TezCoin, Shaffof-moliya va Fortuna biznes hissasiga toʻgʻri keladi.

Lombardlar tomonidan 1 trln soʻmlik mikroqarzlar koʻrsatilgan boʻlib, tashkilotlar kesimida eng yuqori koʻrsatkich 140 mlrd soʻmni tashkil etgan.

Ushbu davr mobaynida 26,6 trln soʻmlik mikroqarzlar va 9,2 trln soʻmlik mikrokreditlar ajratilgan. Bunda, mikroqarzlar ulushi 74 foizni, mikrokreditlar ulushi esa 26 foizni tashkil etdi.

Hududlar kesimida koʻrsatilgan mikromoliya xizmatlarining 20,6 trln soʻmi yoki 58 foizi Toshkent shahri hissasiga toʻgʻri keladi. Eng yuqori oʻsish koʻrsatkichi Andijon, Samarqand va Toshkent viloyatlarida kuzatilgan.