Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Oʻzbekiston yana oltin sotishni boshladi

Oʻzbekiston soʻnggi marta oʻtgan yilning senytabr oyida 1,47 mlrd dollarlik oltin sotgan edi. 2025 yil yakunlariga koʻra esa qimmatbaho metallar eksporti mutlaq rekord oʻrnatib, 9,9 mlrd dollardan oshgan.

Foto: “aol.com”

Oʻzbekiston xalqaro bozorda oltin savdosini qayta tikladi. Statistika agentligining tashqi savdo aylanmasiga doir soʻnggi maʼlumotlariga koʻra, mamlakat 2025-yilning sentyabr oyidan buyon birinchi marta oltin eksportini amalga oshirdi.

2026-yilning yanvar-aprel oylari yakunlariga koʻra, Oʻzbekistonning jami eksporti 9,97 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu 2025-yilning shu davriga nisbatan 16,8 foizga kamdir.

Eʼtiborli jihati, yetkazib berish hajmining uchdan bir qismidan koʻprogʻi — 3,46 mlrd dollari xizmatlar koʻrsatish hissasiga toʻgʻri keldi va u hajm boʻyicha tovar eksportidan sezilarli darajada oldinga oʻtib ketdi.

Spot nashri eʼtibor qaratishicha, aprel oyida olti oylik tanaffusdan soʻng qimmatbaho metall eksporti qayta tiklanishi natijasida respublika tashqi bozorga qiymati 1,5 mlrd dollardan ortiq oltin yetkazib berdi. Shunga qaramay, joriy yilning dastlabki toʻrt oyidagi umumiy koʻrsatkich 2025-yilning yanvar-aprelidagi hajmga ($5,48 mlrd) nisbatan deyarli toʻrt barobar kamroqdir. Oltin eksportining pasayishi fonida savdo balansining salbiy saldosi (defitsit) keskin oʻsib, oʻtgan yilgi 930 mln dollardan 6,38 mlrd dollargacha yetdi.

Maʼlum uchun, Oʻzbekiston soʻnggi marta oʻtgan yilning senytabr oyida 1,47 mlrd dollarlik oltin sotgan edi. 2025 yil yakunlariga koʻra esa qimmatbaho metallar eksporti mutlaq rekord oʻrnatib, 9,9 mlrd dollardan oshgan.

Ishlab chiqarish va oltin-valyuta zaxiralari

Mamlakatning asosiy ishlab chiqaruvchisi hisoblangan Navoiy kon-metallurgiya kombinati yanvar-mart oylarida 737 ming troya unsiyasi oltin ishlab chiqargan boʻlib, bu oʻtgan yilgi koʻrsatkichdan 2,19 foizga kamdir. Biroq ishlab chiqarilgan mahsulotlar qiymati 58,3 foizga oʻsib, 44 trillion soʻmdan oshdi.

Eksport tiklanganiga qaramay, mamlakatning oltin-valyuta zaxiralari ham oʻsish tendensiyasini namoyish etdi. Aprel oyida xalqaro zaxiralar 1,9 mlrd dollarga koʻpayib, 71 mlrd dollarga yetdi.

Markaziy bank omborlaridagi oltin aktivlari qiymati 1,22 foizga koʻpayib, 61,59 mlrd dollarni tashkil etmoqda. Zaxiradagi oltinning fizik hajmi esa bir oz kamayib, 13,3 mln troya unsiyasi (taxminan 413,7 tonna) darajasida qayd etildi.