Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Aholi va tadbirkorlar banklarga qoʻygan depozitlar hajmi keskin oshdi

Banklardagi jami depozitlar miqdori 421,9 trln soʻmga yetdi. Bu bir yil avvalgidan qariyb 102,5 trln soʻmga yoki 32 foizga koʻp.

Foto: Nova 24

Aholi va tadbirkorlar banklarga joylagan depozitlar miqdori bir yil ichida 32 foizga oshdi. Markaziy bank eʼlon qilgan hisobotda mablagʻlar taqsimoti, miqdor va muddatlari keltirilgan.

Banklarda qancha depozit bor?

2026 yil 1 mart holatiga koʻra, banklardagi jami depozitlar miqdori 421,9 trln soʻmga yetdi. Bu bir yil avvalgidan qariyb 102,5 trln soʻmga yoki 32 foizga koʻp.

Xorijiy valyutadagi depozitlar 88 trln soʻm boʻlib, umumiy qiymatning 21 foiziga teng.

Depozitlar jalb qilishda davlat banklari yetakchilik qilmoqda. Ular bir yil ichida depozitlar miqdorini 56,7 trln soʻmga (35 foiz) oshirib, jami qoldiqni 217,8 trln soʻmga yetkazgan.

Xususiy banklarda ham sezilarli oʻsish kuzatilgan. Jumladan, ular joriy yil 1 mart holatiga koʻra 204 trln soʻm depozit jalb qilingan. Bunda yillik oʻsish 45,8 trln soʻmni (29 foiz) tashkil etgan.

Banklarda aholi va biznes pullari keskin ortgan

Joriy yil 1 mart holatiga koʻra, depozitlarning 163,9 trln soʻmi aholidan jalb qilingan. Mazkur koʻrsatkich 2025 yil martida 123,9 trln soʻm boʻlgan. Bunda bir yilda jismoniy shaxslar omonatlari 40 trln soʻmga (32 foizdan ortiq) koʻpaygan.

Oʻz navbatida korxonalar banklarga 258 trln soʻm depozit joylagan. Bu bir yil avvalgidan 62,5 trln soʻmga (32 foizga) koʻp.

Davlat banklari orasida Oʻzmilliybank eng koʻp depozit jalb qilgan — 50 trln soʻm. Shuningdek, Agrobank (36 trln soʻm) bilan Oʻzsanoatqurilishbank (31,9 trln soʻm) ulushi nisbatan yuqori shakllangan.

Xususiy banklar orasida Kapitalbankda depozitlar hajmi sezilarli darajada koʻp — 44,4 trln soʻm. Keyingi oʻrinda Ipotekabank qayd etilgan —26,6 trln soʻm.

Depozitlar muddatlari

Depozitlar muddatlari turlicha boʻlib, eng katta qiymatdagi mablagʻlar 1-yildan koʻp muddatga joylangan — 157,8 trln soʻm. Bu koʻrsatkich 2025 yil 1 martdagidan 37 trln soʻmga koʻp (30 foizdan yuqori).

Talab qilib olinguncha depozitlar hajmi 120,6 trln soʻmga yetgan. Mazkur qiymat bir yil avvalgidan 27,5 trln soʻmga (30 foizga) koʻp. Bunday turdagi depozitlarga qatʼiy cheklangan muddat belgilanmaydi, yaʼni omonatchi istagan vaqtda oʻz mablagʻlarini olishi mumkin boʻladi.

Keyingi oʻrinda yarim yildan bir yilgacha boʻlgan depozitlar qayd etilgan — 65,3 trln soʻm. Bir yil ilgari 55,6 trln soʻm boʻlgan.
30 kundan 180 kungacha depozitlar 57,4 trln soʻm( 2025 yil 1 martda 40,4 tlrn soʻm).

Hajmi eng tez oʻsgan muddatli depozitlar 1 kundan 30 kungacha jalb qilingan — 20,6 trln soʻm. Bu bir yil oldingidan (9,4 trln soʻm) qariyb 2,2 baravarga koʻp.