Asosiy mazmunga oʻtish
Jonli maʼlumot 19avgust · Chorshanba
USD 11 820,40 ▼ −36,95 EUR 13 684,48 ▼ −61,75 RUB 139,05 ▼ −0,27 GBP 15 990,64 ▼ −84,37
Maʼlumot: Markaziy bank
Moliya

Oʻzbekistonga yuborilgan pul oʻtkazmalari qariyb 40 foizga oshdi

2025 yilning oxirgi choragida Oʻzbekistonga pul oʻtkazmalari 5 mlrd dollarni tashkil qilib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 39,8 foiz oʻsish kuzatildi.

Foto: “RBK”

2025 yilning IV choragida mehnat muhojirlari tomonidan Oʻzbekistonga 5 mlrd dollar miqdorida pul oʻtkazmalari amalga oshirilib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 39,8 foiz oʻsish qayd etildi. Bu Markaziy bank tomonidan eʼlon qilingan mehnat bozori sharhida keltiriladi.

Pul oʻtkazmalari miqdorining sezilarli oʻsishi asosan Rossiya va Osiyo mintaqasidan joʻnatilgan oʻtkazmalarning koʻpayishi bilan bogʻliq. Ushbu mintaqalardan yuborilgan oʻtkazmalar hajmi IV chorakda oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 43 va 39 foizga oshgan.

2025 yilda aholining tashqi mobilligi va migratsiyasi ham sezilarli oʻsgan. Ushbu oʻsish bir tomondan pul oʻtkazmalarining turli mintaqalar kesimida diversifikatsiyalanishida, boshqa tomondan esa xorijga chiqib ketgan Oʻzbekiston fuqarolari sonining sezilarli koʻpayishida namoyon boʻlgan (xorijga chiqib ketgan fuqarolar (asosan turizm va qarindoshlarni yoʻqlash maqsadida) soni 2024 yilga nisbatan 22,2 foizga yoki 1,4 mln nafarga oʻsgan).

«Ayrim davlatlarda makroiqtisodiy vaziyatning barqarorligi hamda daromadlarning yuqori shakllanishi sharoitida ushbu davlatlarda migratsiya oqimining yuqori saqlanib qolishi kuzatilmoqda. Xususan, 2025 yilda Koreya Respublikasidagi Oʻzbekistonlik rezidentlar soni 2024 yilga nisbatan 4,3 foizga oʻsib, 98,9 mingtani tashkil etdi. Shu bilan birga, Turkiya respublikasida Oʻzbekiston fuqarolari uchun berilayotgan yashash ruxsatnomalari soni hamda doimiy boʻlmagan migrantlar oqimining sezilarli oʻsishi kuzatildi. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra ushbu davlatda oʻzbekistonliklar uchun taqdim etilgan yashash ruxsatnomalari soni 10,7 foizga oʻsib, 64,1 mingtani, doimiy boʻlmagan migrantlar soni esa 18,8 foizga oʻsib, 13,7 mingtani tashkil etdi», deyiladi MB sharhida.