Asosiy mazmunga oʻtish
Jonli maʼlumot 19avgust · Chorshanba
USD 11 820,40 ▼ −36,95 EUR 13 684,48 ▼ −61,75 RUB 139,05 ▼ −0,27 GBP 15 990,64 ▼ −84,37
Maʼlumot: Markaziy bank
Moliya

Oʻzbekistonda “bugun bilan yashash” kayfiyati keng tarqalgan — tadqiqot

OTBga koʻra, soʻrovnomada ishtirok etgan respondentlarning 73 foizi “men bugun bilan yashayman, ertaga nima boʻlsa boʻlar” fikriga toʻliq qoʻshilgan. Biroq Toshkent va shimoli-gʻarbiy bu koʻrsatkich ancha past.

Oʻzbekistonda oʻtkazilgan soʻrovda respondentlarning 44 foizi soʻnggi 12 oy davomida daromadlari yashash xarajatlarini qoplamaganini bildirdi. Bu raqam Markaziy bank va Osiyo taraqqiyot banki hamkorligida oʻtkazilgan tadqiqot natijasidan kelib chiqqan.

Daromad yetishmovchiligi

Tahlil real daromad darajalaridan koʻra moliyaviy qiyinchilik yoki stress haqidagi subyektiv tasavvurlarni aks ettirishi keltirilgan. Masalan, Osiyo taraqqiyot banki maʼlumotlariga koʻra, 2024 yilda aholining 8,9 foizi milliy qashshoqlik chegarasidan pastda yashagan.

Oʻtgan yilgi soʻrovlarda moliyaviy qiyinchilik 31-45 yoshdagi respondentlar orasida eng koʻp (48 foiz) uchrayotgani oydinlashgan. 60 yoshdan oshganlar orasida esa eng past (42 foiz) daraja qayd etilgan. Bu ehtimol pensiya asosidagi daromad barqarorligi bilan izohlanadi.

Soʻrovnomada Oʻzbekistondagi turli guruhlar daromad yetishmovchiligi bilan qanday kurashayotganini ham ochiqlagan. Xususan, 9 foiz ishtirokchi jamgʻarmalaridan foydalanishini bildirgan. Yana 36 foiz inson xarajatlarni qisqartirishini, 13 foizi aktivlarini sotishini, 11 foizi hisob-kitoblarni kechiktirish yoki qarzini toʻlamasligini aytgan.

Foto: Markaziy bank

“Bugun bilan yashash kayfiyati keng tarqalgan”

Tadqiqotda aholi orasida bugun bilan yashash kayfiyati keng tarqalgani aniqlangan.

“Mamlakat boʻyicha respondentlarning 73 foizi ʻmen bugun bilan yashayman, ertaga nima boʻlsa boʻlarʻ fikriga toʻliq qoʻshilgan. Biroq Toshkent (40 foiz) va shimoli-gʻarbiy hududda (47 foiz) bu koʻrsatkich ancha past. Ish bilan bandlar (65 foiz) va oliy maʼlumotlilar (65 foiz) bunday fikrga kamroq qoʻshilgan. Ishsizlar (78 foiz) va oʻrta maxsus maʼlumotlilar (82 946) orasida shunday fikrlash darajasi yuqori. Yoshlar (18—30 yosh) orasida bu kayfiyat 65 foiz, 60 yoshdan oshganlarda esa 80 foizni tashkil etdi”, deyiladi tahlilda.

Qayd etilishicha, tejashdan koʻra xarajat qilishga boʻlgan moyillik shaharliklar, erkaklar va oʻrta-katta yoshdagilar orasida yuqori. Mamlakat boʻyicha respondentlarning 44 foizi “men pulni tejashdan koʻra sarflashni yoqtiraman” fikriga toʻliq qoʻshilgan.

Foto: Markaziy bank

1,5 million soʻm topish qiyin

Respondentlardan “Qanday qilib 1,5 million soʻm topasiz”, deb soʻralgan. Ularning 25 foizi buncha mablagʻni oʻz jamgʻarmalari hisobidan qoplashi mumkinligini bildirgan. Eng koʻp berilgan javob esa oila yoki doʻstlardan yordam olish boʻlib, 37 foiz respondent ushbu variantni koʻrsatgan.

“Bu esa norasmiy xavfsizlik tarmoqlariga kuchli tayanishni anglatadi. Atigi 13 foiz qatnashchi mablagʻni oʻz mehnatidan topishini aytgan. Yana 2 foizi kredit olishini bildirgan. Qolgan 10 foizi biror narsani sotish orqali mablagʻ yigʻishini bildirgan. Muhimi, 6 foiz respondent umuman pul topa olmasligini taʼkidlagan. Bu eng zaif guruh orasida keskin moliyaviy qiyinchilik mavjudligini koʻrsatadi (hatto 8,9 foizlik milliy qashshoqlik darajasidan bir oz kam)”, deyiladi tadqiqot xulosasida.

Maʼlum qilinishicha, respondentlardan 1,5 million soʻmni keyingi 30 kun ichida topish qanchalik qiyin boʻlishi soʻralgan. Ularning 35 foizi bu juda qiyin boʻlishini, 39 foizi esa bir oz qiyinchilik tugʻdirishini bildirgan. Faqat 25 foiz respondent bu muammo boʻlmasligini aytgan. Eng katta qiyinchilik janubiy (48 foiz) va shimoli-gʻarbiy hududlarda (49 foiz), qishloq aholisi (42 foiz), ayollar (40 foiz), ishsizlar (43 foiz), nafaqadagi shaxslar (39 foiz) hamda faqat 8-9 sinf maʼlumotiga ega respondentlar (43 foiz) orasida kuzatilgan.

“Aksincha, oliy maʼlumotlilarning atigi 16 foizi va yuqori daromadli respondentlarning 20 foizi bu summani topishni juda qiyin deb hisoblagan. Bu esa taʼlim va daromadning moliyaviy barqarorlikka taʼsirini aniq koʻrsatadi”, deyiladi tahlilda.

Daromaddan mahrum boʻlganda (jamgʻarmalardan foydalanish, qarz olish, oʻziga tegishli narsalarni sotish va boshqalar orqali) odamlar qancha vaqt oʻz xarajatlarini qoplay olishi mumkinligi soʻralgan. Bunda holat unchalik tashvishli emasligi aniqlangan. Yaʼni respondentlarning aksariyati (72 foizi) kamida bir oy davomida (shu jumladan 36 foizi ikki oy va undan koʻproq) oʻzini taʼminlay olishini bildirgan. Bu esa asosiy chidamlilik va qisqa muddatli moslashuv qobiliyatini koʻrsatadi. Faqat 15 foiz respondent ikki haftadan kam muddatga chidashini aytgan. Kichik qism (13 foiz) esa qancha vaqt oʻzini taʼminlay olishini bilmasligini yoki boshqa javoblarni bildirgan