Asosiy mazmunga oʻtish
Jonli maʼlumot 19avgust · Chorshanba
USD 11 820,40 ▼ −36,95 EUR 13 684,48 ▼ −61,75 RUB 139,05 ▼ −0,27 GBP 15 990,64 ▼ −84,37
Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Oʻzbekistonda pensiya yoshini oshirish rejalashtirilmoqda

Pensiya yoshini erkaklar uchun 63 yoshga, ayollar uchun esa 58 yoshga koʻtarish taklif qilindi. Oʻsish bosqichma-bosqich — har yili yarim yilga amalga oshiriladi.

Oʻzbekistonda pensiyaga chiqish yoshini oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 10 sentyabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamgʻarmasi ijrochi direktori Murodbek Otajonov Spotʻga maʼlum qildi.

Pensiya islohoti loyihasiga koʻra, erkaklar uchun pensiya yoshini 60 yoshdan 63 yoshga, ayollar uchun esa 55 yoshdan 58 yoshgacha oshirish taklif qilinmoqda. Bunda pensiya yoshini oshirish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi — har yili yarim yildan qoʻshib boriladi.

Murodbek Otajonovning soʻzlariga koʻra, dunyoning koʻplab mamlakatlarida pensiya yoshi 65 yoshdan yuqori. Oʻzbekistonda pensiya yoshi “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinganidan beri 32 yil davomida oshirilmagan.
Uning qayd etishicha, Oʻzbekistonda oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi oshib bormoqda. Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunda u 75 yoshga etdi. Agar bundan 20 yil avval nafaqaxoʻrlar pensiyaga chiqqandan keyin oʻrtacha 8-9 yil yashagan boʻlsa, hozir bu koʻrsatkich erkaklarda 12,5, ayollarda 20 yoshga yetdi.

Pensiya yoshini oshirish toʻgʻrisidagi qaror hali qabul qilinmagan. Pensiya jamgʻarmasi pensiya tizimini isloh qilish boʻyicha bir oy muddat davom etadigan jamoatchilik takliflarini yigʻish uchun maxsus platformani ishga tushirmoqchi. Olingan takliflar oʻrganilgach, jurnalistlar va blogerlar ishtirokida ikkinchi muhokama oʻtkazish, oʻzgartirishlar kiritish va pensiya islohoti loyihasini rasman taqdim etish rejalashtirilgan.

Pensiya islohoti haqida

Hukumatning 2024 yil 23 sentyabrdagi qarori bilan pensiya tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqish boʻyicha ishchi guruh tarkibi tasdiqlangandi. Unga bosh vazir oʻrinbosari, Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov boshchilik qiladi. Kelishuv asosida Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Osiyo taraqqiyot banki va Xalqaro mehnat tashkiloti mutaxassislari jalb qilinadi.

Bu guruh amaldagi davlat pensiya taʼminotida mavjud muammolarni tahlil qilish hamda xorijiy tajriba asosida tizim barqarorligini taʼminlash va ijtimoiy adolatni mustahkamlashga qaratilgan takliflarni tayyorlashi kerakligi, 2025 yilning 1 martigacha pensiya tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqilib, Prezident administratsiyasiga kiritilishi kerakligi belgilangandi.

Shuningdek, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida ham mahalliy va xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda ushbu konsepsiya loyihasi boʻyicha takliflar ishlab chiqish belgilangan. Mazkur vazifalarni amalga oshirish maqsadida 2024 yil dekabr oyida XVJ, Jahon banki, OTB, XMT ishtirokida Toshkent shahrida xalqaro seminar tashkil etilib, unda pensiya islohotlarining asosiy yoʻnalishlari muhokama qilingan.

2025 yilning 1 mayida Xalqaro mehnat tashkiloti vakillari bilan uchrashuv oʻtkazilib, ishlab chiqilgan takliflar yuzasidan fikr almashildi, shuningdek, pensiya tizimini aktuar baholash imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi. 12 may kuni Xalqaro maslahatchilar kengashi bilan uchrashuv oʻtkazilib, unda Kengash tomonidan pensiya tizimini isloh qilish konsepsiyasi uchun taqdim etilgan tavsiyalar muhokama qilindi. 10-11 iyun kunlari Xalqaro pensiya va ijtimoiy jamgʻarmalar uyushmasi eksperti ishtirokida pensiya tizimini isloh qilish boʻyicha tayyorlangan takliflar batafsil tahlil qilindi.

2025 yil iyunida Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va boshqa xalqaro tashkilotlarning tavsiyalariga asoslanib, Oʻzbekistonda pensiya yoshi oshirilishi haqida xabarlar tarqalgandi. Pensiya jamgʻarmasi bunga munosabat bildirib, hozirda pensiya tizimini isloh qilish boʻyicha yakuniy qaror qabul qilinmaganini, amalga oshirilayotgan ishlar oʻrganish, tahlil qilish va takliflar ishlab chiqish bosqichida turganini bildirgandi.

Ayni paytda Oʻzbekistonda yoshga doir pensiya olish uchun erkaklar 60 yoshda, ayollar esa 55 yoshda boʻlishi kerak. Bundan tashqari, erkaklar uchun kamida 25 yil, ayollar uchun esa kamida 20 yil ish staji talab qilinadi.