Aholidan soliq qarzdorligini undirish yangi tartibda amalga oshiriladi. Bu haqda Soliq qoʻmitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Endi jismoniy shaxslarning yer va mol-mulk soligʻi boʻyicha qarzdorligini undirishda elektr energiyasining billing tizimi mexanizmi qoʻllaniladi.
Bunda umumiy summasi 1 mln soʻmdan oshadigan soliq qarzi mavjud boʻlsa, elektr energiyasiga toʻlovlarni amalga oshirishda vaqtinchalik cheklov qoʻyilishi mumkin.
Shundan kelib chiqib, “Soliq billing” avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishlab chiqildi hamda 16 apreldan boshlab Namangan viloyatida eksperiment tarzida joriy etildi. Uni mamlakatning qolgan hududlarida eksperiment natijalari asosida ishga tushirish belgilangan.
Tizim qanday ishlaydi?
Unga koʻra, qarzdorlik 1 mln soʻmdan oshganda fuqaro bir necha bosqichda ogohlantiriladi: avval soliq hisoblanganligi haqida xabarnoma, undan keyin esa SMS orqali eslatma yuboriladi. Shuningdek “Soliq” mobil ilovasi va Yagona portal orqali ham bildirishnomalar beriladi.
Shundan soʻng, soliq organi tomonidan elektr toʻloviga cheklov kiritilishi mumkinligi toʻgʻrisida SMS-xabarnoma yuboriladi. Yuborilgan havola orqali qarzdorlik qachon shakllangani va ogohlantirish qaysi bosqichda ekanligini kuzatib borish mumkin.
Barcha ogohlantirishlarga qaramay soliq qarzdorligi bartaraf etilmasa, fuqaroning elektrga toʻlov qilish imkoniyatiga vaqtinchalik cheklov kiritiladi. Qarzdorlik bartaraf etilgach esa cheklov onlayn tartibda darhol bekor qilinadi.
2025 yilning noyabr oyida qabul qilingan prezident qarori bilan ushbu tizimni 2026 yilning 1 yanvaridan boshlab Namangan viloyatida joriy etish belgilangandi. Soliq qoʻmitasi sinov natijalari asosida kelasi yilning 1 oktyabrigacha qolgan hududlarda ham ushbu tizimni joriy etish boʻyicha takliflarni hukumatga kiritishi kerak.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining maʼlum qilishicha, mazkur sinovdan maqsad — qarzdorliklarni keskin kamaytirish va soliq tushumlarining oʻz muddatida toʻlab borilishini taʼminlash.
2025 yil 12 iyul holatiga koʻra, Namangan viloyatida mol-mulk va yer soligʻidan qarzdorligi mavjud boʻlgan jismoniy shaxslarning soni 369 ming nafarni tashkil etadi. Shundan 43,4 ming nafari (12%) ning qarzdorligi 1 mln soʻmdan oshgan.


