Avval xabar berilganidek, 16 apreldan boshlab Namangan viloyatida mol-mulk va yer soliqlari boʻyicha umumiy summasi 1 mln soʻmdan oshgan qarzdorlikni undirish uchun eksperiment tariqasida elektr energiyasining billing tizimi mexanizmidan foydalanib koʻriladi. Soliq qoʻmitasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “svet uchun balansda pul boʻlsa ham, svet oʻchiriladi” degan mazmundagi talqinni rad etdi.
Qoʻmitaga koʻra, soliq qarzdorligi 1 mln soʻmdan oshgan jismoniy shaxslar “bir necha bosqichda ogohlantirilgandan keyin ham qarzdorlikni toʻlamagan taqdirda”, elektr energiyasi oʻchirilmaydi, balki elektr uchun toʻlov qilishga vaqtincha cheklov kiritiladi.
Cheklov aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj quyidagi toifalariga qoʻllanilmaydi:
- nogironligi boʻlgan shaxslar (1 va 2-guruh);
- boquvchisini yoʻqotgan oilalar;
- ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan fuqarolar;
- qonunchilikda belgilangan boshqa imtiyozli toifalar.
“Namangan viloyatida bugungi kunda 1 mln soʻmdan yuqori qarzdorligi mavjud jismoniy shaxslar soni 45,8 ming nafarni tashkil etadi. Bu esa jami 531,2 ming nafar soliq toʻlovchining 8 foizidir”, – deyiladi rasmiy axborotda.
Ulardan qanchasi yuqorida sanab oʻtilgan imtiyozli toifalarga kirmasligi xabarda keltirilmagan.
Mazkur tizim 16 apreldan eksperiment tariqasida Namangan viloyatida yoʻlga qoʻyiladi. Eksperiment natijalaridan kelib chiqib mazkur tajribani boshqa hududlarda joriy etish yoki etmaslik yuzasidan 2026 yil 1 oktyabrga qadar Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritiladi. Yaʼni elektr energiyasining billing tizimi mexanizmi toʻgʻridan toʻgʻri barcha hududlarda joriy etilmaydi.


