Markaziy bank tijorat banklari va toʻlov tashkilotlariga mobil ilovalar orqali oʻtkazmalar amalga oshirilganda “oʻtkazma maqsadini koʻrsatish” vazifasini yukladi. Regulyator matbuot xizmatining “Kommers.uz” nashriga maʼlum qilishicha, ushbu xat tavsiyaviy xarakterga ega boʻlib, bu majburiy talab emas.
Markaziy bank tijorat banklari va toʻlov tashkilotlariga mobil ilovalar orqali oʻtkazmalar amalga oshirilganda “oʻtkazma maqsadini koʻrsatish” boʻyicha koʻrsatma joʻnatdi. Unga koʻra, foydalanuvchi oʻtkazmani amalga oshirganida majburiy ravishda oʻtkazma maqsadini tanlashi kerak boʻladi. Hozircha ayrim ilovalarda bu talab ishga tushirilgan, ayrimlarida esa yoʻq.
Regulyatorga koʻra, raqamli xizmatlarni rivojlantirish doirasida banklar va toʻlov tashkilotlari mobil ilovalar funksionalini bosqichma-bosqich takomillashtirib bormoqda. Jumladan, pul oʻtkazmalarida ayrim aniqlashtiruvchi parametrlar joriy etilishi mumkin.
Qayd etilishicha, bu texnik xususiyatga ega yangilanish boʻlib, operatsiyalarning toʻgʻri qayta ishlanishi, servis sifatini oshirish va tizim barqarorligini taʼminlashga qaratilgan. Kiritilgan maʼlumotlar mobil ilovaning standart ishlash jarayoni doirasida qayta ishlanadi va uchinchi shaxslarga taqdim etilmaydi.
Muhimi:
- mazkur yangilanishlar toʻlovlarni cheklashni nazarda tutmaydi;
- oʻtkazmalar amaldagi tartibda davom etadi;
- toʻlovni amalga oshirish mexanizmi oʻzgarmaydi (qoʻshimcha hujjat yoki murakkab jarayon yoʻq).
Taʼkidlanishicha, ushbu amaliyot jahon tajribasida keng qoʻllaniladi. Masalan, turli xalqaro bank ilovalarida (skrinshotlarda keltirilgan misollar kabi) toʻlov maqsadi, kategoriya yoki izoh maydonlari mavjud.
«Yana bir muhim jihat: Ushbu xat tavsiyaviy xarakterga ega. Bu majburiy talab emas», — deyiladi MB izohida.
Qanday shaklda joriy etish, qachon joriy etish va nechta parametr qoʻshish — har bir bank yoki toʻlov tashkilotining oʻziga bogʻliq ekani bildirildi. Bu ularning mobil ilova arxitekturasi, texnik infratuzilmasi va ichki jarayonlaridan kelib chiqib belgilanadi.
“16 ta parametr” degan tushuncha yagona majburiy roʻyxat emas. Bu umumiy namunaviy yondashuv boʻlishi mumkin. Ayrim banklarda kamroq, ayrimlarida boshqacha formatda boʻlishi ehtimol, — deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, regulyator ushbu yangilik orqali toʻplanadigan maʼlumotlar soliq yoki boshqa idoralarga yuborilmasligini maʼlum qildi.


