Markaziy bank 2026 yil yanvar oyida 7 ta bank va 1 ta mikromoliya tashkilotiga jarima qoʻlladi. Bu haqda bank axborot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, oʻtgan oyda 27 ta masala koʻrib chiqildi va ular boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
Masalalar kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan oʻzgartirishlarni roʻyxatdan oʻtkazish, kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish hamda toʻlov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya berishga bogʻliq.
Yanvar oyida «Baraka biznes hamkor mikromoliya tashkiloti» va «Effective money mikromoliya tashkiloti» MCHJlari oʻz arizasiga asosan mikromoliya tashkilotlari reyestridan chiqarildi. IT unisoft group AJga toʻlov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziya ham oʻz arizasiga muvofiq bekor qilindi.
Shu bilan birga, 4 ta toʻlov tashkilotiga ogohlantirish berilib, korporativ bank kartalariga xizmat koʻrsatish jarayonida qonunbuzarlik hamda kamchiliklarga yoʻl qoʻygan 7 ta bank va 1 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyalari qoʻllandi.
Yanvarda “Yangi bank” AJ faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha koʻrilgan choralar yetarli darajada samara bermagani, jumladan, ustav kapitali qonunchilikda belgilangan eng kam miqdorga yetkazmagani va bank faoliyatiga oid qator talablar bajarilmagani sababli litsenziyadan mahrum qilingandi.