Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Yirik investitsiya loyihalari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkaziladi

Ekspertiza va baholash natijalari asosida tayyorlangan xulosalar loyihani tasdiqlash yoki uni moliyalashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qiluvchi organlar tomonidan koʻrib chiqilishi shart.

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan yirik investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish jarayonida korrupsiyaga qarshi hamda raqobatni taʼminlovchi standartlarni joriy etish chora-tadbirlari belgilandi.

Hujjat bilan quyidagilarni nazarda tutuvchi Yirik investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish jarayonida korrupsiyaga qarshi hamda raqobatbatni taʼminlovchi standartlarni joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi:

  • yirik investitsiya loyihalarini korrupsiyaga qarshi auditdan oʻtkazish;
  • yirik investitsiya loyihalarining raqobat muhitiga taʼsirini baholash;
  • yirik investitsiya loyihalarini korrupsiyaga qarshi tekshirish va ularning raqobat muhitiga taʼsirini baholash uchun nazorat va javobgarlik.

Mazkur Nizom quyidagi yirik investitsiya loyihalariga tatbiq etiladi:

  • Davlat byudjeti yoki davlat maqsadli jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan;
  • davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida amalga oshiriladigan;
  • davlat kafolatlari, imtiyozlari yoki davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning boshqa shakllarini nazarda tutuvchi xorijiy investitsiyalar va xalqaro moliya institutlari ishtirokida.

Loyihaning korrupsiyaga qarshi ekspertizasi – Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan loyihani rejalashtirish, moliyalashtirish, tayyorlash, davlat xaridlarini amalga oshirish va ekspluatatsiya qilish, loyihani monitoring qilish bosqichlarida korrupsiyaga olib kelishi mumkin boʻlgan omillar va xavf-xatarlarni aniqlash hamda tahlil qilish, shuningdek ularni bartaraf etish yoki kamaytirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish jarayoni.

Loyihaning raqobat muhitiga taʼsirini baholash Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi. U raqobatni cheklash, ayrim ishtirokchilarga ustunlik berish yoki monopoliya yaratish xavfini aniqlash va bartaraf etish, barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar uchun teng sharoitlarni taʼminlash chora-tadbirlarini belgilashni nazarda tutadi.

Ekspertiza va baholash natijalari asosida tayyorlangan xulosalar loyihani tasdiqlash yoki uni moliyalashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qiluvchi organlar tomonidan koʻrib chiqilishi shart.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2026 yil 4 fevraldan kuchga kirdi.