Oʻzbekiston yengil avtotransportlar importida yuridik shaxslar uchun belgilangan notarif choralarni soddalashtirish orqali jismoniy shaxslar nomiga olib kirish hajmini kamaytirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezidentning 10 dekabrda imzolangan farmonida koʻzda tutilgan.
Unga koʻra, Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi (Oʻzstandart), Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Bojxona qoʻmitasi bu boʻyicha 2026 yil 1 martga qadar hukumat qarori loyihasini tayyorlaydi.
Hujjatda Transport vazirligi tadbirkorlik subyektlarini jalb qilgan holda 2026 yil 1 aprelga qadar yuk tashish va maxsus avtotransport vositalari xizmatlari hisobini onlayn yuritishni nazarda tutuvchi elektron platformaning ishlab chiqarilishini taʼminlashi ham belgilangan. Platformada jismoniy va yuridik shaxslarda mavjud yuk tashish va maxsus avtotransport vositalari hisobi olib boriladi. Aholi va tadbirkorlik subyektlari tomonidan onlayn buyurtmalar berish va shartnoma tuzish hamda toʻlovlarni amalga oshirish imkoniyati boʻladi.
Ushbu farmonda 2026 yil 1 apreldan boshlab bir qator yoʻnalishlarda, xususan, koʻchmas mulk obyektlari, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifasiga kiruvchi transport vositalari hamda maxsus avtotransport vositalarining oldi-sotdisida toʻlovlar faqat bank kartalari yoki elektron toʻlov tizimlari orqali amalga oshirilishi ham koʻzda tutilgan.


