Raqobat qoʻmitasi yangi yil oldidan ayrim tadbirkorlar isteʼmolchilarni chalgʻituvchi yolgʻon chegirmalar eʼlon qilayotganini maʼlum qildi.
Qoʻmita maʼlumotiga koʻra, joriy yil boshidan buyon kelgan 48 mingdan ortiq murojaatning katta qismi aynan notoʻgʻri yoki toʻliq boʻlmagan axborot berilishiga tegishli boʻlgan.
Bugungi kunda bozorda “yangi yil chegirmasi”, “birini oling — ikkinchisi tekinga”, “50% chegirma”, “faqat bugun” kabi reklama bayonotlari faol tarqalayotgani, ammo ularning barchasi amalda tasdiqlanmagan hollari uchramoqda.
Hukumat tasdiqlagan Chakana savdo qoidalariga koʻra, sotuvchilar chegirma qoʻllashda tovarning oxirgi 30 kun ichidagi eng past narxini qayd etib, isteʼmolchiga taqdim etishi kerak.
Shuningdek, chegirmani aniq foiz yoki summa bilan koʻrsatishi, chegirmagacha boʻlgan asl narxni ochiqlashi, muddat va shartlarni oldindan koʻrsatishi va chegirma qoʻllanadigan tovarlar soni cheklangan boʻlsa, bu haqida alohida xabar berishi shart.
Agar chegirma roʻyxatdan oʻtishni yoki shaxsiy maʼlumot taqdim etishni talab qilsa, sotuvchi maʼlumotlarni qayta ishlash qoidalariga qatʼiy rioya etishi lozim. Shuningdek, alkogol, tamaki mahsulotlari, dori vositalari, BAAQ (biologik faol qoʻshimchalar) va energetik ichimliklar boʻyicha ragʻbatlantiruvchi aksiyalarni oʻtkazish taqiqlanadi.
Qoʻmita tadbirkorlardan qonunchilik talablariga qatʼiy amal qilishni soʻradi. Qoidabuzarlik aniqlansa, javobgarlik va moliyaviy jarimalar qoʻllanadi.


