Oʻzbekistonda koʻchmas mulk bozori ham bitimlar soni, ham narxlar boʻyicha oʻsish tendensiyasini namoyon qilmoqda. Bu Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) tahlilidan kelib chiqadi.
Sentyabrda Oʻzbekiston uy-joy bozorida faollik oʻtgan oyga nisbatan 3,2 foizga pasaydi, lekin yillik hisobda 13,7 foizga oʻsdi.
Sentyabr oyi yakunlariga koʻra, respublika boʻyicha uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni 24,2 mingtani tashkil etdi (avgust oyida — 25 mingta). Yilning uchinchi choragida jami 75,5 mingta oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtirilgan. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 13,6 foizga, joriy yilning ikkinchi choragiga nisbatan 11 foizga koʻp.
Hududlar kesimida yillik hisobda eng koʻp bitimlar Sirdaryo (yillik oʻsish — 35,6 foiz) va Buxoro viloyatlari (20,2 foiz) hamda Toshkent shahrida (31,2 foiz) qayd etilgan. Yilning uchinchi choragida Buxoro viloyati (choraklik oʻsish — 27,3 foiz), Sirdaryo viloyati (24,9 foiz) va Toshkent shahri koʻchmas mulk bozorlarida (19,9 foiz) eng kuchli faollik kuzatildi kuzatildi.
Sentyabr oyida ikkilamchi uy-joy bozorida bir kvadrat metr uchun oʻrtacha narx 0,6 foizga, oʻtgan yilning sentyabr oyiga nisbatan esa 4,6 foizga oshdi. Eng yuqori narx oʻsishi Surxondaryo (19 foiz), Sirdaryo (15,8 foiz) va Jizzax (14,5 foiz) viloyatlarida qayd etildi.
Gazeta oʻrganishlariga koʻra, toʻqqiz oy davomida uy-joy oldi-sotdi bitimlari soni 212 mingga yetdi. Bu koʻrsatkich 2024 yilning yanvar-sentyabr oylariga (190,2 ming) nisbatan 11,5 foiz yuqori. Biroq oʻtgan yilning birinchi yarmi boʻyicha bitimlar soni boʻyicha Markaziy bank va ITIM taqdim etgan maʼlumotlar oʻrtasida tafovut mavjud — mos ravishda 160 ming va 123,8 ming.
Toshkent shahrida uy-joy va ijara bozori
Sentyabr oyida poytaxt ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar 0,6 foizga oshdi, shunga qaramay, 2024 yil sentyabr oyiga nisbatan 1,7 foizga pasaydi. Ikkilamchi uy-joy bozorida Yashnobod, Mirzo Ulugʻbek va Chilonzor tumanlarida narxlar eng koʻp arzonlashdi. Bu tumanlarda oʻrtacha narx pasayishi 4,3 foizni tashkil etdi.
Ayni paytda birlamchi uy-joy koʻchmas mulk bozorida narxlar sezilarli — 3 foizga oshdi. Eng yuqori narx oshishi Mirobod, Bektemir va Yakkasaroy tumanlarida qayd etildi. Bu tumanlarda ikkilamchi uy-joy narxlari oʻrtacha hisobda 5,8 foizga qimmatlashdi.
Sentyabr oyida Toshkentda uy-joy ijarasi narxi biroz oʻsib, bir kvadrat metr uchun oʻrtacha 8,5 dollarni tashkil etdi. Eng yuqori ijara narxlari Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida kuzatildi.
Poytaxtda ijara narxlari yillik hisobda 1,4 foizga oshgan. Eng katta oʻsish Yunusobod, Olmazor va Mirobad tumanlarida qayd etildi (oʻrtacha 4,4 foiz).


