Asosiy mazmunga oʻtish
Jonli maʼlumot 19avgust · Chorshanba
USD 11 820,40 ▼ −36,95 EUR 13 684,48 ▼ −61,75 RUB 139,05 ▼ −0,27 GBP 15 990,64 ▼ −84,37
Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

Oʻzbekistonda ikkilamchi bozordagi uy-joy narxlari oshdi

Shu bilan birga, uchastkalari segmentida Toshkent shahrida 1 sotix yer maydoni narxi iyun oyi yakunlari boʻyicha 334 million soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilgi koʻrsatkichlardan 2,5 foizga past shakllandi.

Joriy yil II chorak yakunlariga koʻra, koʻchmas mulk bozoridagi faollik yuqoriligicha saqlanib qoldi. Bu haqda Markaziy bankning II chorak boʻyicha tayyorlagan koʻchmas mulk bozori tahlilida soʻz boradi.

Qayd etilishicha, ushbu davr mobaynida koʻchmas mulk bozorida tuzilgan bitimlar soni 88,1 mingtani tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 9,9 foizga oshgan (joriy yilning I yarim yilligida – 177,5 mingta bitim tuzilgan boʻlib, bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 10,7 foizga koʻproqdir).

Birinchi yarim yillikda bevosita koʻchmas mulk oldi-sotdisi bilan bogʻliq shartnomalar soni ham oʻsishda davom etib, 148,4 mingtani tashkil etgan va oʻtgan yilga nisbatan 12,1 foizga oshgan.

Shu bilan birga, birlamchi bozorda uy-joy sotib olish uchun ajratilgan ipoteka kreditlarining soni oshishda davom etib, joriy yilning II choragida ajratilgan jami ipoteka kreditlari hajmidagi ulushi 74 foizni tashkil etgan (2024 yilning II choragida 57 foiz).

Birinchi yarim yillikda koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomalarining umumiy sonida ipoteka kreditlariga asoslangan shartnomalar soni 21,3 foizgacha oshib borgan (2024 yil yanvar iyun oylarida 19,9 foiz). Bu esa ipoteka kreditlarining uy-joy sotib olishdagi oʻrni ortib borayotganligi bilan izohlanishi mumkin.

Narx tendensiyalari

Ikkinchi chorakda narx tendensiyalari moʻtadil saqlanib, oʻtgan chorak qiymatlari atrofida shakllanmoqda. Uy-joy sektoridagi mavjud talabga qaramay, taklif darajasi yuqoriligi narxlarning barqaror past oʻsish surʼatlarini shakllanishida oʻz aksini topmoqda.

Iyun oyi yakunlariga koʻra, respublika boʻyicha birlamchi uy-joy bozordagi narxlar yillik hisobda soʻmda 2,6 foizga (dollarda 2,1 foizga) oʻsdi.

Ikkilamchi bozordagi uy-joy narxlari soʻm hisobida 2,5 foizga (dollarda 2,0 foizga) oshdi. Hududlar kesimida koʻchmas mulk narxlarining oʻsish surʼatlari turlicha shakllanishda davom etmoqda. Uy-joy narxlari darajasi yuqori boʻlgan hududlarda (Toshkent shahri, Toshkent, Samarqand va Navoiy viloyatlari) narxlarning oʻsish surʼatlari deyarli oʻzgarmagan yoki biroz pasaygan boʻlsa, boshqa hududlarda narxlarning oʻsishi davom etmoqda. Bu esa ushbu hududlarda uy-joy narxlarning kelgusida oʻsishda davom etishi mumkinligini koʻrsatib, bunga joriy narxlarining hozirgi kunda nisbatan pastligi, infratuzilmaning yaxshilanib borishi, shuningdek, talabning ortishi sabab boʻlishi mumkin.

Uy-joy ijarasi bozorida taklif hajmining oshishi va talabning mavsumiy pasayishi sharoitida narxlarning moʻtadil darajasi saqlanib qolmoqda. Ijara toʻlovlari narxlari oʻtgan chorakdan buyon sezilarli oʻzgarmagan boʻlib, respublika boʻyicha umumiy oʻsish surʼati nolga yaqin darajada shakllandi (iyun oyida yillik 0,3 foiz). Toshkent shahrida esa ijara toʻlovlarida narxlarning pasayishi davom etmoqda (iyun oyida yillik 6,1 foizgacha pasaygan). Yer uchastkalari segmentida, Toshkent shahrida 100 metr kvadrat (1 sotix) yer maydoni narxi iyun oyi yakunlari boʻyicha 334 million soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilgi koʻrsatkichlardan 2,5 foizga past shakllandi.

Mavsumiy omillarni hisobga olgan holda qurilish materiallari taklifi barqaror boʻlib qolmoqda. Biroq, soʻnggi oylarda turar joy binolariga xizmat koʻrsatish va taʼmirlash materiallari narxlarining oʻsishi biroz tezlashdi. Yillik hisobda iyun oyida ushbu materiallar narxi 5 foizga oshdi.

Umuman olganda, 2025 yilning II choragida koʻchmas mulk bozorida bitimlar soni va ipoteka kreditlari hajmining oʻsishi natijasida yuqori faollik saqlanib qoldi. Taklif hajmining oshishi va xarid qilish imkoniyatlarining kengayishi talabni qoʻllab-quvvatlab, bozor va narxlar dinamikasining muvozanatli rivojlanishini taʼminlamoqda.