Markaziy bank joriy yil 8–15 avgust kunlari aholi orasida anonim soʻrov oʻtkazdi. Soʻrov asnosida Oʻzbekiston bank tizimining qaysi turdagi xizmatlarida korrupsiya xavfi yuqoriligi oʻrganilgan.
Savollarga respublikaning barcha hududlaridan qatnashgan 6 438 nafar respondent javob bergan. Ularning 58,7 foizi davlat xizmatchilari boʻlgan. Yana 26 foizi tadbirkorlar, 8,3 foizi bank-moliya sohasi vakillarini tashkil etgan.
Ishtirokchilarga bir qancha savollar berilgan. Jumladan, bank xizmatlarining qaysi turida korrupsiya xavfi yuqori deb hisoblaysiz, deya soʻralgan. Respondentlarning 49,4 foizi kredit ajratishda korrupsiya xavfi yuqoriligini bildirgan. Ishtirokchilardan 42,7 foizi bunday xavf lizing, faktoring, loyihalarni moliyalashtirish, konversion amaliyotlar va boshqa xizmat turlarida mavjudligini qayd etgan.
Qatnashchilardan 7,3 foizi bank kartalari berishda, 6,6 foizi hisob-kitob, toʻlovlar va kassa xizmatlarida korrupsiya xavfi yuqoriligini bildirgan.
Bank xodimlari tomonidan korrupsion harakatlar sodir etilishiga duch kelganmisiz, degan savolga 94,1 foiz ishtirokchi “yoʻq”, deb javob bergan.
Bank xizmatlari koʻrsatilishida “tanish-bilishchilik”dan foydalanganmisiz, deya soʻralganda, 90,4 foiz respondent manfiy javob bergan.
Banklarda ishga qabul qilish tizimida korrupsiya bilan bogʻliq holatlarga duch kelganmisiz, degan savolga 91,9 foiz qatnashchi “yoʻq” degan.
Soʻrov ishtirokchilaridan bank tizimida korrupsiya holatlari sodir etilishida asosiy sabablar haqidagi fikrlari ham olingan. Respondentlardan 53,5 foizi bunga bank xodimlari ish haqi pastligi sabab boʻlishini bildirgan. 30,9 foiz qatnashchi fuqarolarda moliyaviy savodxonlik yetishmasligini qayd etgan. Yana 16,9 foiz ishtirokchi bank xodimlarining xatti-harakatlari ustidan yetarlicha nazorat oʻrnatilmaganini taxmin qilgan.


