Davlat rahbarining “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida»gi farmoni ijrosiga muvofiq, “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan bosqichma-bosqich yuqori oktanli (Ai-92) avtobenzin ishlab chiqarishga oʻtish va sentyabr oyidan boshlab birja savdolariga faqat yuqori oktanli avtobenzin joylashtirilishi rejalashtirilgan edi. Shu bois, “Oʻzbekneftgaz” AJ 2025 yil 2 sentyabrdan boshlab, Ai-80 benzinini birja savdolari orqali sotishni toʻxtatdi.
Oʻz navbatida Ai-92 rusumidagi avtobenzinning birja savdolariga chiqarish hajmlari oshirildi. Shu vaqtga qadar 1000 tonna Ai-92 benzini savdolarga qoʻyilgan boʻlsa, bugungi kunda bu raqam 1720 tonnani tashkil etmoqda. Ichki bozor talabidan kelib chiqib, bu hajmlarni oshirish imkoniyati mavjud.
“Joriy avgust oyida tadbirkor isteʼmolchilar tomonidan xarid qilingan Ai-80 rusumidagi avtobenzin hajmlari majburiyat va mavjud qoldiqlar doirasida sentyabr oyida ham oʻz egalariga yetkazib berilishi maʼlum qilinadi”, deyiladi xabarda.
Ai-80 zarari
Dunyoda Ai-80 benzini faqat Oʻzbekiston va Afgʻonistonda ishlab chiqariladi. K-2 (Yevro-2) standartidagi benzin tarkibida oltingugurtning ulushi 0,5 foizdan oshmasligi kerak, Yevro-5 standarti boʻyicha esa bu koʻrsatkich 500 baravar kam — 0,001 foiz. Yevro-2 da benzolning ulushi 5 foizdan, Yevro-5 da esa 1 foizdan oshmasligi kerak. Yevro-5 da yoqish paytida aromatik moddalarning ulushi 35 foizdan, olefin uglevodorodlarining ulushi esa 18 foizdan oshmasligi kerak. Yevro-2 da bunday talab yoʻq.
2024 yil boshida Energetika vazirligi Ai-92 va undan yuqori markali benzin ishlab chiqarishni koʻpaytirish hisobiga 2026 yilgacha Ai-80 benzinidan voz kechish rejalari haqida xabar bergan edi. Shu bilan birga, yuqori oktanli benzin markalariga aksiz soligʻi stavkalarini pasaytirish taklif qilingandi.
Keyinroq prezident bosh vazirga 2025 yildan boshlab Ai-80 (“Yevro-2” standarti) dan uzil-kesil voz kechish masalasini hal qilishni topshirdi. Prezidentning sentyabrdagi qarorida 2028 yildan boshlab “Yevro-4” standartidan past boʻlgan motor yoqilgʻisidan foydalanish va sotishni bosqichma-bosqich cheklash toʻgʻrisida soʻz borgandi. Xususan, buning uchun Ai-80 ishlab chiqaruvchi Buxoro va Fargʻona neftni qayta ishlash zavodlari chuqur modernizatsiya qilinadi hamda “Yevro-2” va “Yevro-3” standartlaridagi yoqilgʻini import qilish taqiqlanadi.


