Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Birjada AI-92 benzinining narxi arzonlashtirildi

“Oʻzbekneftgaz” AJ Buxoroda ishlab chiqarilgan AI-92 rusumli 1 litr benzinning birja savdolaridagi narxi 9400 soʻmgacha arzonlashtirilganini maʼlum qildi.

Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarilgan AI-92 rusumli 1 litr benzinning birja savdolaridagi narxi 9400 soʻmgacha arzonlashtirildi, deya xabar berdi “Oʻzbekneftgaz”.

Kompaniya qayd etishicha, birjada benzinning 1 tonnasi boshlangʻich narxi birinchi bosqichda 12 mln 881 ming soʻmdan 12 mln 628 ming soʻmga tushirilgan. Bu 1 litr AI-92 rusumidagi avtobenzinning birjadagi boshlangʻich narxi 9 400 soʻm degani.

“Oʻzbekneftgaz ichki bozorni rivojlantirish va isteʼmolchilar manfaatlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida yuqori oktanli yoqilgʻi narxlarini bosqichma-bosqich pasaytirish ishlarini davom ettiradi”, — deyiladi kompaniya xabarida.

Eslatib oʻtamiz, “Oʻzbekneftgaz” kompaniyasi sentyabr oyidan AI-80 markali benzin ishlab chiqarishdan voz kechishi xabar qilingandi.

Masala tarixi

AI-80 benzinini ishlab chiqarishni toʻxtatish rejalari haqida kamida 2020 yildan beri aytilmoqda, biroq rasmiylar bu vazifani bajarishni doimo kechiktirgan.

2024 yil boshida Energetika vazirligi AI-92 va undan yuqori markali benzin ishlab chiqarishni koʻpaytirish hisobiga 2026 yilgacha AI-80 benzinidan voz kechish rejalari haqida xabar bergan edi. Shu bilan birga, yuqori oktanli benzin markalariga aksiz soligʻi stavkalarini pasaytirish taklif qilindi.

Keyinroq prezident bosh vazirga 2025 yildan boshlab Ai-80 (“Yevro-2” standarti) dan uzil-kesil voz kechish masalasini hal qilishni topshirdi.

Biroq prezidentning sentyabrdagi qarorida 2028 yildan boshlab “Yevro-4” standartidan past boʻlgan motor yoqilgʻisidan foydalanish va sotishni bosqichma-bosqich cheklash toʻgʻrisida soʻz borgandi. Xususan, buning uchun Ai-80 ishlab chiqaruvchi Buxoro va Fargʻona neftni qayta ishlash zavodlari chuqur modernizatsiya qilinadi hamda «Yevro-2» va “Yevro-3” standartlaridagi yoqilgʻini import qilish taqiqlanadi.

“Oʻzbekneftgaz” matbuot xizmati modernizatsiya uchun vaqt kerak boʻlishini taʼkidlagan. “Buxoro neftni qayta ishlash zavodida „Yevro-4“ va undan yuqori benzinga oʻtish uchun vaqt kerak. [2024 yil] oxirigacha loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqiladi, shundan soʻng u Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi. Loyihani toʻliq yakunlash uchun 30−32 oy kerak boʻladi”, — deyiladi kompaniya xabarida.

Prezidentning “Oʻzbekiston-2030” strategiyasi doirasida Atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish yili (2025 yil) davlat dasturini amalga oshirish toʻgʻrisidagi farmoni bilan 2025 yil oxirigacha Ai-80 benzinidan foydalanish va sotishni cheklash uchun “barcha kuch va resurslarni safarbar qilish” topshirildi.