Hukumat qarori bilan “Jismoniy shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Kredit bitimini tuzish taqiqlangan shaxslar reyestriga kiritish yoki ushbu reyestrdan chiqarish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga koʻra, maʼlumotlarni mazkur reyestrga kiritish yoki chiqarish boʻyicha arizalarni YAIDXP (my.gov.uz), davlat xizmatlari markazlari yoki kredit byurolari orqali taqdim etish mumkin. Ariza beruvchi oʻzi kredit byurosiga kelib yozma murojaat etganda, ariza beruvchiga QR-kod qoʻyilgan maʼlumotnoma beriladi.
Davlat xizmatlari markazlari koʻrsatilgan xizmat natijasini ariza kelib tushgandan soʻng 10 daqiqa ichida ariza beruvchining elektron manziliga yuborib, ariza beruvchiga bu haqida axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qilishi belgilangan.
Endilikda jismoniy shaxslarning kredit tarixida kredit bitimini tuzishni taqiqlash yoki taqiqni olib tashlash toʻgʻrisidagi ariza yuborilgan sana va vaqt, taqiq belgilangan yoki olib tashlangan sana va taqiq shartlari haqidagi maʼlumotlar ham aks ettirib boriladi.
Nizomga muvofiq, davlat xizmatlari markazlari va kredit byurolariga olingan maʼlumotlarning sir saqlanishini taʼminlash vazifasi yuklatildi.
Davlat rahbari tomonidan 4 martda imzolangan qonun bilan “Kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisida”gi qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan edi.
Qonunga koʻra, jismoniy shaxs oʻzining ishtirokisiz yoki xabarisiz kredit bitimi rasmiylashtirilishining oldini olish uchun oʻzi bilan kredit bitimini tuzishni kredit byurosiga ariza kiritish orqali taqiqlash huquqiga ega. Kredit bitimini tuzishni taqiqlash yoki bunday taqiqni olib tashlash ixtiyoriy amalga oshiriladi.

