Oʻzbekistondagi eng yirik AYOQSHlar tarmogʻi boʻlmish Carvon (sobiq UNG Petro) shoxobchalarida 13 avgustdan boshlab AI-80 markali benzin oshirilgan narxda – 1 litri 9100 soʻmdan sotilyapti.
“Avtostrada”ning yozishicha, ayni paytda yirik AYOQSHlarda narxlar quyidagicha:

Oʻtgan yili noyabrda Raqobat qoʻmitasi tomonidan birjada AI-80 benziniga boshlangʻich narxdan 5 foizlik spred kiritilgan edi. Bu cheklov 10 iyundan boshlab bekor qilingach, birja savdolarida bu mahsulot narxi keskin osha boshladi. Xususan, 31 iyul kungi savdolarda oʻrtacha narx 10 mln 937 ming soʻmgacha chiqdi. Bu – spred amal qilgan soʻnggi kun 9 iyundagi oʻrtacha narx (9 mln 459 ming soʻm)dan 15,6 foizga yuqori.
Avvalroq, Raqobat qoʻmitasi boshqarma boshligʻi Ulugʻbek Davletov bu qimmatlashishga izoh berarkan, birjadagi oshishga qaramay, chakana narxlarda oʻzgarish boʻlmayotganini aytgandi. Spredning olib tashlanishi esa yashirin iqtisodiyotni keltirib chiqarayotgani bilan izohlangandi. Shuningdek, Raqobat qoʻmitasi rasmiysi AI-80 benzinining AYOQSHlardagi narxi oshgan taqdirda, spredni qaytarish masalasi kun tartibiga olib chiqilishini ham maʼlum qilgandi.
Rossiya ichki bozorda yoqilgʻi narxining keskin qimmatlashishi fonida benzin eksportiga taqiqni yoz oxirigacha kuchaytirgandi. Energetika vazirligi esa bu cheklov Oʻzbekistonga taalluqli emasligini bildirgan edi.
AI-80 narxi oshishi
2024 yil 1 yanvardan boshlab, aksiz soligʻi boʻyicha imtiyoz bekor qilingach, AI-80 benzini narxi 6050 soʻmdan 6800 soʻmgacha oshgandi. Joriy yil 1 yanvaridan esa narxlar birdaniga 18,1 foizga qimmatlab, 1 litr uchun 6900 soʻmdan 8150 soʻmgacha koʻtarilgandi. Shu tariqa, oxirgi 17 oy ichida AI-80 bahosi 50,4 foizga qimmatlashdi.
Maʼlumot uchun, Oʻzbekistonda sentyabr oyidan boshlab AI-80 ishlab chiqarilishini butkul toʻxtatish rejalashtirilgan.


