“Kredit-axborot tahliliy markazi” kredit byurosi 6 iyundan boshlab jismoniy shaxslarga oʻziga kredit ajratilishini taqiqlash imkonini beruvchi xizmat ishga tushirilganini maʼlum qildi.
Yaʼni, byuro “jismoniy shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kredit bitimi tuzishi taqiqlangan shaxslar reyestriga kiritish yoki reyestrdan chiqarish boʻyicha” xizmatni joriy qilgan.
Mazkur xizmat orqali jismoniy shaxslar oʻzlarining ishtirokisiz yoki xabarisiz kredit bitimi rasmiylashtirilishining oldini olish uchun oʻzi bilan kredit bitimini tuzishni kredit byurosiga ariza kiritish orqali taqiqlash imkoniyatiga ega boʻladi.
«Bu oʻz navbatida bugungi kunda oʻsib borayotgan jismoniy shaxslarning xabarisiz kreditlar rasmiylashtirilishi holatlarining oldini olishga turtki boʻladi. Ushbu xizmat bepul boʻlib, undan dastlab Kredit byurosining rasmiy veb-sayti orqali foydalanish mumkin», — deyiladi xabarda.
Eslatib oʻtamiz, 4 mart kuni prezident tomonidan imzolangan qonun bilan “Kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisida”gi qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgandi. Qonun quyi palata tomonidan 15 yanvar kuni qabul qilingan. Senat 20 fevral kuni maʼqullangan.
Hujjatga koʻra, jismoniy shaxs oʻzining ishtirokisiz yoki xabarisiz kredit bitimi rasmiylashtirilishining oldini olish uchun oʻzi bilan kredit bitimini tuzishni kredit byurosiga ariza kiritish orqali taqiqlashi mumkin. Kredit bitimini tuzishni taqiqlash yoki bunday taqiqni olib tashlash ixtiyoriy amalga oshiriladi.
Buning uchun kredit bitimi tuzish taqiqlangan shaxslar reyestri joriy etiladi. Kredit bitimi tuzishi taqiqlangan shaxslar reyestri kredit bitimi tuzishi taqiqlangan jismoniy shaxslar toʻgʻrisidagi axborotni oʻz ichiga olgan va kredit byurolari tomonidan yuritiladigan yagona maʼlumotlar bazasi hisoblanadi.
Bunday shaxslarning oʻzaro muvofiqlashtirilgan reyestrini kredit byurolari tomonidan yuritilish tartibini Markaziy bank belgilaydi.
Qonun bilan kredit tashkilotlariga shaxsning kredit olish huquqi mavjudligini tekshirish majburiyati yuklandi. Agar fuqaro kredit olishdan voz kechgan boʻlsa, unga kredit ajratish noqonuniy hisoblanadi.
Gazetaʻdagi maʼlumotlarga koʻra, 2023 yilda 2790 nafar fuqaroning nomiga ularning xabardorligisiz 19 milliard soʻmlik kreditlar berilgan, 2024 yilning sakkiz oyida esa 874 nafar jismoniy shaxs jabrlangan, ularga 36,6 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan.


