Octobank Humans kompaniyasi bilan oʻzaro hisob-kitoblarga xizmat koʻrsatishni toʻxtatish va uni qoʻshma moliyaviy xizmat doirasida chiqarilgan kartalar boʻyicha kliring va operatsiyalardan uzib qoʻyish rejalashtirilayotganini maʼlum qildi. Uzilish 13 iyun kuni soat 18:00 dan boshlanadi.
“Bunday qaror Humans MCHJ tomonidan shartlarning muntazam ravishda buzilishi va qabul qilingan shartnoma majburiyatlarining bajarilmasligi munosabati bilan qabul qilindi”, — deyiladi bank xabarida.
Tomonlar 2020 yildan buyon hamkorlik qilib kelmoqda. “Octobank shartnoma shartlarini vijdonan bajargan, biroq Humans MCHJ Humans moliyaviy xizmati doirasida amalga oshirilgan kliring operatsiyalari boʻyicha bank tomonidan pul kompensatsiyasini oʻz vaqtida qaytarishdan bir necha bor boʻyin tovlagan va mukofot pulini oʻz vaqtida toʻlamagan”, — deyiladi xabarda.
Hozirda Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida Octobank tomonidan Humans kompaniyasidan jami 500 mlrd soʻmdan ortiq qarzdorlikni undirish va yetkazilgan zararni qoplash boʻyicha qoʻzgʻatilgan iqtisodiy ish koʻrib chiqilmoqda.
Koʻrsatilgan vaqtdan boshlab bank Humans kompaniyasining Visa kobeyjing kartalariga xizmat koʻrsatishni toʻxtatadi.
Shartnoma shartlariga koʻra, kartalarga oʻtkazilgan mablagʻlar avtomatik ravishda Humans tizimidagi aloqa abonentlarining shaxsiy hisob raqamlariga oʻtkaziladi.
Pulni qaytarish uchun bevosita Humans kompaniyasiga murojaat qiling.


