2025 yilning 1 iyun holatiga Oʻzbekistonning rasmiy zaxira aktivlari 49,66 mlrd dollarga yetdi. Bu kuzatuvlar tarixidagi rekord koʻrsatkichdir. Zaxiralarning keskin oshishi jahon bozorida oltin narxlarining qimmatlashishi fonida yuz beryapti.
Oʻzbekistonning rasmiy zaxira aktivlari 1 iyun holatiga 49,66 mlrd dollarni tashkil etib, 1 may holatiga nisbatan 410 mln dollarga oshdi. Bu haqda Markaziy bank tomonidan eʼlon qilingan hisobotda keltirib oʻtilgan.
Keskin oʻsish ketma-ket beshinchi oy davom etyapti. Yil boshidan buyon umumiy oʻsish 8,48 mlrd dollarni (+20,6 foiz) tashkil etib, kuzatuvlar tarixidagi rekordlar bir necha bor yangilandi.
Oʻz navbatida zaxiralardagi oltinning fizik hajmi 11,46 mln troya unsiyadan 11,43 mln troya unsiyagacha, qiymati esa 37,65 mlrd dollardan 37,56 mlrd dollargacha kamaygan.
“Oʻzbekiston Respublikasining yalpi xalqaro zaxiralari hajmi 2025 yil may oyida 410,1 mln dollarga oshdi. Xususan, oy davomida oltin narxining 3284,3 dollardan 3293,55 dollargacha oshishining taʼsiri 105,8 mln dollarni tashkil etdi”, deyiladi MB izohida.
Bundan tashqari, oʻtgan yildan Markaziy bank aktivlarni diversifikatsiya qilish doirasida xorijiy qimmatli qogʻozlarni sotib olishni ham boshlagandi. Aprel oyi yakuniga kelib zaxiradagi bunday qimmatli qogʻozlar hajmi 706 mln dollarga yetgan.
