Senatning 28 may kungi yalpi majlisida “Soliq kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi koʻrib chiqilib maʼqullandi. Unda bir qator oʻzgarishlar koʻzda tutilgan.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, soliq toʻlovchi tomonidan ortiqcha toʻlangan yoki undan ortiqcha undirilgan soliq summasi byudjetdan qaytarilar yoki faqat ushbu soliq boʻyicha kelgusi toʻlovlar uchun hisobga olinishi mumkin edi.
Kiritilayotgan oʻzgartirishga asosan endi ortiqcha toʻlangan soliq summalarini nafaqat xuddi shu soliq, balki boshqa soliqlar boʻyicha ham kelgusidagi majburiyatlarga nisbatan qoʻllash mumkin boʻladi.
Soliq toʻlovchining qarzi boʻlmagan taqdirda, u soliq organiga yozma yoki elektron ariza bilan murojaat qilishi mumkin, hisob-kitoblar uch ish kuni (hozirda 15) ichida amalga oshiriladi.
Shuningdek, elektron soliq hujjatlarini biometrik identifikatsiyadan foydalangan holda – yuz (Face-ID) yoki barmoq izi orqali tasdiqlash imkoni ham paydo boʻladi. Hozirda bu elektron raqamli imzo (ERI) yordamida amalga oshiriladi.
ERI kaliti sertifikatini berish uchun tadbirkorlik subyektlaridan bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 10 foizi, jismoniy shaxslardan esa 7 foizi miqdorida yigʻim undiriladi. Bu esa oʻz navbatida soliq toʻlovchilarning soliq majburiyatlarini bajarishdagi sarf-xarajatlarining oshishiga sabab boʻlyapti.
Chernobil AESdagi avariya oqibatlarini tugatishda ishtirok etgan fuqarolar yer soligʻini toʻlashdan ozod etilgandi. Qonunchilikdagi normalarni muvofiqlashtirish maqsadida ushbu toifadagi fuqarolar daromad soligʻidan ham ozod etilishi belgilanyapti.


