Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Majburiy raqamli markirovkalash tizimi yanada samarali boʻlishi kutilmoqda

Prezident qaroriga koʻra, tadbirkorlar tomonidan olingan markirovka kodlarini mahsulotlarga qoʻllash uchun belgilangan 90 kalendar kunlik muddat bekor qilinadi.

“Majburiy raqamli markirovkalash tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga koʻra, raqamli markirovkalangan mahsulotlarning harakat zanjirini toʻliq kuzatib borish orqali yashirin ishlab chiqarish va kontrafakt mahsulotlar muomalasiga chek qoʻyish asosiy maqsad etib belgilandi.

Tadbirkorlar tomonidan olingan markirovka kodlarini mahsulotlarga qoʻllash uchun belgilangan 90 kalendar kunlik muddat bekor qilinadi.

Markirovka kodlari mahsulotga bevosita qoʻllangandan keyin ular uchun toʻlov amalga oshiriladi.

Shuningdek, raqamli markirovkalangan mahsulotlarni agregatsiyalashda qoʻllanadigan markirovka kodlari Raqamli markirovkalash va kuzatish milliy axborot tizimi operatori (Operator) tomonidan bepul taqdim etiladi

Tadbirkorlarning murojaatlarini tezkor hal etish maqsadida Operator tomonidan tunu kun ishlaydigan “Call-markaz” faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Qarorga koʻra, 2025 yil 1 iyuldan:

  • import qiluvchi tashkilot tomonidan Oʻzbekiston hududiga olib kirilgan dori vositalarini ularning ulgurji va chakana savdosi bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlarga toʻgʻridan-toʻgʻri yoki uning rasmiy dilerlari orqali realizatsiya qilish elektron hisobvaraq-faktura asosida amalga oshiriladi;
  • raqamli markirovkalangan mahsulotlarni ulgurji sotish faqat naqd pulsiz shaklda bank hisobvaraqlari orqali amalga oshiriladi.

Raqamli markirovka qoidalariga rioya qilinishini nazorat qilish boʻyicha hududlararo soliq inspeksiyasi tashkil etiladi.

Raqamli markirovkalangan mahsulotlar aylanmasining barcha bosqichlarida tizimli nazoratni taʼminlash Inspeksiyaning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.

2025 yil 1 sentyabrdan:

  • xavfni tahlil qilish tizimida majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish holatlari soliq xavfi darajasini yuqori deb baholash uchun asos boʻladi;
  • majburiy raqamli markirovkalanadigan mahsulotlarni realizatsiya qilishda markirovka kodi biriktirilmagan elektron hisobvaraq-fakturani rasmiylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi;

majburiy raqamli markirovkalanadigan mahsulotlarni chakana realizatsiya qilishda:

  • markirovka kodi kiritilgandan soʻng onlayn nazorat-kassa texnikasining kassa cheki shakllantiriladi;
  • avval foydalanilgan markirovka kodlari kiritilganda onlayn nazorat-kassa texnikasining kassa chekini shakllantirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Qarorga koʻra, 2026 yil 1 yanvardan majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish holatlarini soliq organlarining axborot tizimi orqali aniqlash boʻyicha masofaviy soliq tekshiruvini oʻtkazish tartibi joriy etiladi. Bunda:

  • tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnoma olish talab etilmaydi;
  • majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish holatlari aniqlanganda qoidabuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida ogohlantirish beriladi;
  • 2-marta ogohlantirish berilgandan soʻng qoidabuzarlik holatlari aniqlanganda belgilangan miqdorlarda jarima qoʻllanadi;
  • jarima qoʻllanilgan tadbirkorlarga 1 yil davomida QQS summasining oʻrni qoplanmaydi.

2025 yil 1 sentyabrdan farmatsevtika faoliyati hamda dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish faoliyati boʻyicha yangidan tashkil etilgan subyektlarga litsenziya berishda quyidagi qoʻshimcha shartlar kiritiladi:

  • faoliyatini amalga oshirish uchun koʻchmas mulk boʻyicha ijara yoki tekin foydalanish shartnomasi soliq organlarida hisobga qoʻyilganligi;
  • dori vositalarini realizatsiya qilishda xaridorlardan toʻlovlarni qabul qilish boʻyicha elektron toʻlov vositalaridan foydalanish imkoniyati yaratilganligi.