Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Oʻzbekistonga pul oʻtkazmalari hajmi keskin oshdi

Yanvar-mart oylarida Oʻzbekistonga kirib kelgan pul oʻtkazmalari miqdori 3,3 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu 2023 yilga nisbatan 32 foizga yoki qariyb 800 mln dollarga koʻp.

Joriy yilning birinchi choragida Oʻzbekistonga xorijdan pul oʻtkazmalari hajmi 3,3 milliard dollarni tashkil qildi. Bu haqda Markaziy bankning pul-kredit siyosati boʻyicha sharhida keltirilgan.

Natijada koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga (2,5 milliard dollar) nisbatan 32 foizga oʻsdi. Yanvar va mart oylarida mamlakatga 1 milliard dollar miqdorida oʻtkazmalar amalga oshirilgan. Eng yuqori oʻsish mart oyida kuzatilib, bu oyda transchegaraviy oʻtkazmalar hajmi 1,2 milliard dollarga yetgan.

Markaziy bank yuqori oʻsishni asosiy savdo hamkorlarning valyutalari mustahkamlanishi hamda mehnat haqi yuqoriroq davlatlarga migrantlar oqimining oshishi bilan izohlaydi.

Bundan tashqari, soʻnggi davrlarda pul oʻtkazmalari daromadlar oʻsishi oʻzgaruvchanligining asosiy omili boʻlib qolmoqda.

Mehnat migrantlarini qabul qiluvchi mamlakatlar valyuta kurslarining mustahkamlanishi hamda bu davlatlarda ish haqlarining oshishi, yuqori daromadli mamlakatlarda ishchi kuchiga boʻlgan talablarning oshib borayotganligi sharoitida pul oʻtkazmalarining oʻsish prognozi 10−12 foizdan 15−18 foizgacha oshirish boʻyicha qayta koʻrib chiqildi.

Shu bilan birga, iqtisodiy hamkorlar valyuta kurslarida kutilayotgan yuqori tebranuvchanlik hamda iqtisodiy oʻsish prognozlarini pasayish tomonga qayta koʻrib chiqilishi tufayli, istiqbolda pul oʻtkazmalari dinamikasi boʻyicha maʼlum darajadagi noaniqliklar saqlanib qolmoqda.