Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Qozogʻiston bilan chegaradagi “Dovut ota” oʻtkazish punkti yana toʻrt oyga yopildi

Bu qaror oʻtkazish punktida fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, qurilish va rekonstruksiya ishlarini jadallashtirish maqsadida qabul qilingan.

Qoraqalpogʻistonning Qozogʻiston bilan chegara qismida joylashgan Qozogʻiston—Oʻzbekiston chegara oʻtkazish punkti yana 4 oyga yopildi. Bu haqda Qozogʻiston Moliya vazirligi huzuridagi Davlat bojxona qoʻmitasiga tayanib, Kazinform agentligi xabar berdi.

Oʻzbekiston vakolatli organlari bilan kelishilgan holda jismoniy shaxslar, yengil avtomobillar, avtobuslar va yuk koʻtarish quvvati 3,5 tonnagacha boʻlgan avtotransport vositalari uchun Tajen nazorat-oʻtkazish punkti orqali harakatlanish vaqtincha toʻxtatildi.

“Bu qaror oʻtkazish punktida fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, qurilish va rekonstruksiya ishlarini jadallashtirish maqsadida qabul qilindi. Hozirda hududda keng koʻlamli ishlar — metall konstruksiyalarni oʻrnatish, muhandislik tarmoqlarini yotqizish va binolarni kapital taʼmirlash olib borilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, may—avgust oylarida KazAvtoJol kompaniyasi Tajen (Qozogʻiston) va Dovut ota (Oʻzbekiston) punktlari oʻrtasidagi neytral polosada avtomobil yoʻlini quradi. Xuddi shunday ishlar Oʻzbekiston tomonidan ham amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Qurilish ishlari davom etayotgani munosabati bilan Qozogʻiston Oʻzbekiston tomoniga chegarani kesib oʻtishga qoʻyilgan cheklovni yana 4 oyga — joriy yilning 1 sentyabrigacha uzaytirish taklifi bilan rasman murojaat qilgan. Qayd etilishicha, Oʻzbekiston bu tashabbusni qoʻllab-quvvatlagan.

Bundan tashqari, fuqarolardan sayohat va yoʻnalishlarni rejalashtirishda ushbu maʼlumotlarni inobatga olish soʻralgan.