Asosiy mazmunga oʻtish
Jonli maʼlumot 19avgust · Chorshanba
USD 11 820,40 ▼ −36,95 EUR 13 684,48 ▼ −61,75 RUB 139,05 ▼ −0,27 GBP 15 990,64 ▼ −84,37
Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Ijaraga olingan 100 ga yaqin avtomobil qoʻshni davlatlarga sotib yuborilgani aniqlandi

Bojxona qoʻmitasiga koʻra, Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtgan yengil avtomobillarni davlat chegara oʻtkazish punktlari orqali ishonchnoma orqali olib chiqib, soʻngra ularni sotib yuborish holatlari uchramoqda.

Bojxona qoʻmitasi shaxsiy avtotransport vositalarini ishonchnoma orqali oʻzgalar tasarrufiga bergan fuqarolarni ogohlantirdi. Bu haqda qoʻmita matbuot kotibi Husan Tangriyev xabar berdi.

Uning qayd etishicha, oxirgi vaqtlarda Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtgan yengil avtomobillarni davlat chegara oʻtkazish punktlari orqali ishonchnoma orqali olib chiqib, soʻngra ularni sotib yuborish holatlari uchramoqda. Bojxona qoʻmitasining tezkor tuzilmalari tomonidan bu kabi holatlarni vaqtida aniqlashga qaratilgan tezkor-qidiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Xususan, joriy yilning 28 yanvar kuni Qozogʻiston bilan chegaradagi Malik (Sirdaryo) chegara bojxona posti orqali qoʻshni davlat fuqarosi boshqaruvida Qozogʻiston raqami ostida Lacetti avtomobili kirib kelgan.

Vaholangki, mazkur avtomobil 2024 yilning 24 iyun kuni ushbu punkt orqali Oʻzbekiston davlat raqami ostida Oʻzbekiston fuqarosi tomonidan ishonchnoma asosida olib chiqilgan. Natijada, ushbu avtotransport vositasi qidiruvda ekanligi fosh qilindi.

Shu kabi holat Gʻishtkoʻprik (Jibek Joli) chegara bojxona postida ham aniqlandi. Bu holatda ham qoʻshni davlat fuqarosi boshqaruvidagi Qozogʻiston davlat raqami ostidagi Cobalt avtomobili 6 yanvar kuni chegara orqali Oʻzbekistonga kirib kelgan.

Ushbu avtomobil oʻtgan yilning 19 aprel kuni Oʻzbekiston fuqarosi tomonidan ishonchnoma asosida Oʻzbekiston davlat raqami bilan Yallama posti orqali olib chiqilgan. Bu avtomobil ham qidiruvda boʻlgan.

28 mart kuni Sirdaryo viloyatidagi Xovosobod chegara posti orqali Tojikistondan kirib kelgan davlat raqami ostidagi Chevrolet Menlo, 3 may kuni Surxondaryodagi Sariosiyo posti orqali mamlakatga kirgan Volkswagen Cross rusumli avtomobillari qidiruvda boʻlgani aniqlandi.

Mazkur transport vositalaridan biri oʻtgan yilning 27 noyabr kuni Toshkent viloyatidagi Oybek chegara posti, ikkinchisi esa Fargʻona viloyatidagi Andarxon posti orqali ishonchnoma ostida olib chiqilgan, Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtgan avtomobillar ekanligi aniqlandi. Barcha holatlar boʻyicha protsessual tartibda hujjatlar rasmiylashtirildi.

Avtomobillarni ijaraga berish (rent car) bilan shugʻullanuvchi kompaniyalardan 6 nafar fuqaro tomonidan ijara shartnomasi hamda ishonchnoma asosida olingan 100 ga yaqin transport vositalari chegara postlari orqali olib chiqib ketilib, qoʻshni davlatlarda sotib yuborilgan.

Mazkur holatlar boʻyicha Bojxona qoʻmitasi tuzulmalari tomonidan keng qamrovli tezkor qidiruv tadbirlari tashkil etilib, holatga aniqlik kiritish uchun qoʻshni mamlakatlar bojxona xizmatlari bilan birgalikda ish olib borilmoqda.

Shuningdek, Husan Tangriyev joriy yilning oʻtgan besh oyi davomida mamlakat chegarasi orqali jami 800 mingga yaqin yengil avtomobillar harakatlanganini maʼlum qildi.

“Bojxona xodimlari haydovchilarning shaxsni, avtotransportning roʻyxatdan oʻtganligini tasdiqlovchi hujjatlar, zarur hollarda, avtomobil boshqa shaxslar tomonidan chegaradan olib chiqilayotganda avtomobil egasining ishonchnomasi mavjudligi tekshiriladi. Agar avtomobil qidiruvga berilgan boʻlsa, ular axborot tizimlari orqali aniqlanib, toʻxtatib qolinadi”, — dedi u.

Bojxona qoʻmitasi fuqarolarni hushyorllika chaqirib, ishonchnoma asosida berilgan avtomobillarni qaytarib olishda muamolar kuzatilayotgan boʻlsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishni soʻradi.