Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi oʻzining navbatdagi hisobotida mart oyi yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston koʻchmas mulk bozorida yuz bergan oʻzgarishlar tahlilini taqdim etdi.
Qayd etilishicha, koʻchmas mulk bozoridagi faollik ketma-ket ikkinchi oy pasayishda davom etmoqda. Mart oyida bitimlar hajmi 8,8 foizga kamayib, 20,4 mingtani tashkil etdi.
Shunga qaramay, bozor yillik koʻrsatkichlarda barqaror oʻsishni koʻrsatmoqda — mart oyida tuzilgan bitimlar soni 2024 yilning mos davriga nisbatan 15 foizga oshdi. 2025 yilning I choragi yakunlariga koʻra, bitimlar umumiy soni 68,4 mingtaga yetib, oʻtgan yilga nisbatan 10,8 foizga oʻsdi.
Faollikning eng sezilarli oʻsishi Jizzax (34 foiz) va Navoiy (29 foiz) viloyatlarida qayd etildi.
Shu bilan birga, 2021 yilda tizimli kuzatuvlar boshlanganidan buyon birinchi marta, birinchi chorak yakuniga koʻra, biron bir hududda savdo hajmining pasayishi qayd etilmadi.
Ikkilamchi bozordagi uy-joy narxlari
Mart oyida mamlakatda ikkilamchi bozorda uy-joylarning oʻrtacha narxi fevral oyi darajasida qoldi. Yillik hisobda respublikada bir kvadrat metr uy-joy narxi 0,9 foizga oshdi. Hududlar kesimida eng sezilarli oʻsish Jizzax (12,3 foiz), Surxondaryo (10,7 foiz) va Qashqadaryo (8,5 foiz) viloyatlarida kuzatildi.
Toshkent shahrida koʻchmas mulk bozoridagi vaziyat
Mart oyida Toshkent shahri koʻchmas mulk bozorida ikkilamchi uy-joylarning oʻrtacha narxi 0,6 foizga, birlamchi bozor narxlari esa 0,4 foizga kamaygan.
2024 yilning mart oyiga nisbatan ikkilamchi uy-joylarning oʻrtacha narxi 5,7 foizga kamaygan boʻlsa, birlamchi uy-joy segmentida pasayish 3,7 foizni tashkil etdi.
Yillik hisobda Toshkent shahri boʻyicha ikkilamchi uy-joy narxida eng katta pasayish Mirobod (8 foiz), Chilonzor (8,7 foiz) va Yashnobod (7,5 foiz) tumanlarida kuzatildi.
Yangi uylar narxlarida ham pasayish kuzatildi. Yil davomida bir kvadrat metr uchun oʻrtacha narxlarda eng sezilarli pasayish Shayxontohur (14,7 foiz), Uchtepa (11 foiz) va Yunusobod (6,7 foiz) tumanlarida qayd etildi.
Uy-joy ijara bozori
Markazning qayd etishicha, mart oyida Toshkent shahrida ijara narxlarida oʻzgarish kuzatilmadi va oʻrtacha ijara narxi 8 dollarni (bir kvadrat metr uchun) tashkil etdi.
Poytaxtning Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi nisbatan yuqoriligicha qolmoqda. Ushbu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun oʻrtacha 10 dollarni tashkil etadi.
Shu bilan birga, Toshkent shahrida ijara narxi yillik hisobda 7,4 foizga pasaygan. Narxlarning eng katta pasayishi Mirzo-Ulugʻbek, Yashnobod va Chilonzor tumanlarida qayd etilib, pasayish surʼati oʻrtacha 10 foizga yetadi.


