Markaziy bank 2026 yilning I choragi uchun “Koʻchmas mulk bozori tahlili”ni eʼlon qildi. Unda iqtisodiy faollik, uy-joyga talab yuqoriligi va ipoteka kreditlari hajmining oshishi fonida bozorda sezilarli jonlanish kuzatilgani qayd etildi.
Tahlilga koʻra, yanvar—mart oylarida koʻchmas mulk oldi-sotdi bitimlari soni 110,1 mingtani tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 48,4 foizga oshdi. Eng yuqori oʻsish Toshkent shahri (64 foiz), Sirdaryo (67 foiz), Andijon (56 foiz) va Navoiy (52 foiz) viloyatlarida kuzatildi.
Mart oyida bitimlar sonining keskin koʻpayishi 1 apreldan koʻchmas mulk oldi-sotdi jarayonlarida yangi eskrou tizimi joriy etilishi bilan bogʻliq boʻlgan. Bozor ishtirokchilari yangi tartib kuchga kirishidan oldin shartnomalarni faol rasmiylashtirgan.
Shuningdek, 2026 yilning I choragida ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi 5,7 trln soʻmga yetdi. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 29 foizga koʻp. Aholining real daromadlari esa 7,8 foizga oshgani uy-joyga talabni qoʻllab-quvvatlagan.
Qurilish sohasida ham oʻsish qayd etildi. I chorak yakuniga koʻra, foydalanishga topshirilgan uy-joylarning umumiy maydoni 3,3 mln kvadrat metrni tashkil qilib, yillik hisobda 6,6 foizga oshdi. Oʻsish asosan yakka tartibdagi uy-joylar segmenti hisobiga shakllangan.
Bozordagi yuqori faollik narxlarga ham taʼsir koʻrsatdi. Mart oyida birlamchi bozorda uy-joy narxlari soʻmda 1,8 foizga, dollar hisobida 8,1 foizga oshdi. Ikkilamchi bozorda esa narxlar mos ravishda 3 foiz va 9,4 foizga qimmatlashdi.


