Joriy yilning birinchi choragida Oʻzbekistonda oʻrtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 5 mln 796,1 ming soʻmni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qoʻmitasi maʼlum qildi.
Koʻrsatkich 2024 yilning mos davriga nisbatan 18 foizga oʻsgan. 2021 yil bilan taqqoslaganda esa, ikki baravar oshgan.
Yanvar—mart oylarida hududlar kesimida eng yuqori ish haqi Toshkent shahriga toʻgʻri keldi — 9,88 mln soʻm (22,7 foiz). Keyingi oʻrinlarda 7,33 mln soʻm bilan Navoiy hamda 5,43 mln soʻm bilan Toshkent viloyatlari turibdi. Ish haqining eng kam miqdori esa 4,08 mln soʻm bilan Qashqadaryo viloyatida qayd etildi.

Yanvar—mart oylarida sohalar kesimida eng yuqori oʻsish (26,8%) axborot va aloqa sohasida kuzatilib, oʻrtacha oylik ish haqi 14,81 mln soʻmga yetdi. Sanʼat, koʻngil ochish va dam olish yoʻnalishlarida oʻsish 20,2% ni, ish haqi esa 4,83 mln soʻmni tashkil etdi.
Bank va sugʻurta sohasida oʻrtacha ish haqi eng yuqori — 15,84 mln soʻmni qayd etganiga qaramay, oʻsish 19,8% boʻldi. Taʼlim sohasida oʻrtacha ish haqi 4,04 mln soʻm bilan 17,7% ga, tashish va saqlash sohalarida esa 8,71 mln soʻm bilan 16% ga oshgan.
Bu davrda eng past ish haqi (3,62 mln soʻm) sogʻliqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida qayd etilib, oʻsish oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 11,1% ni tashkil etdi.
Axborot va aloqa sohasi
Mazkur sohaning asosiy tarmoqlari boʻyicha oʻrtacha maoshning eng yuqori koʻrsatkichi quyidagicha:
- dasturlashtirish, maslahat berish va boshqa yordamchi xizmatlar — 20,78 mln soʻm;
- axborot xizmatini koʻrsatish — 19,51 mln soʻm;
- aloqa sohasi — 11,14 mln soʻm;
Moliya va sugʻurta sohasi
Bunda eng yuqori oʻrtacha oylik ish haqi majburiy ijtimoiy sugʻurtalashdan tashqari, qayta sugʻurtalash va nafaqa jamgʻarmalari hamda moliyaviy xizmatlar va sugʻurtalash faoliyatida qayd etilgan — mos ravishda 17,74 mln va 17,53 mln soʻm.
Eng past koʻrsatkich esa sugʻurtalash va nafaqa taʼminoti xizmatlarida (15 mln soʻm) kuzatilgan.
Taʼlim sohasi
Bu sohada oʻrtacha oylik ish haqining eng yuqori koʻrsatkichi oliy taʼlimda qayd etildi — 9,59 mln soʻm. Eng past koʻrsatkich esa maktabgacha taʼlimga toʻgʻri keladi — 2,16 mln soʻm.
Texnik va professional taʼlimda oʻrtacha maosh 4,15 mln soʻmni hamda umumiy oʻrta taʼlimda 3,97 mln soʻmni tashkil etgan.
