Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Oʻzbekistonda qaysi soha xodimlariga talab yuqori ekani maʼlum boʻldi

Oʻtgan oy mamlakatda ish takliflarining 17 foizdan ortigʻi savdo va mijozlarga xizmat koʻrsatish sohasiga toʻgʻri kelgan boʻlib, bunda oʻrtacha ish haqi 6,06 mln soʻmni tashkil etdi.

Mart oyida Oʻzbekiston ish beruvchilari eng koʻp savdo, marketing va reklama sohasi xodimlarini izlashgan. Bu haqda joylashtirilgan boʻsh ish oʻrinlari tadqiqotiga asoslanib, HeadHunter maʼlum qildi.

Ish takliflarining 17 foizdan ortigʻi savdo va mijozlarga xizmat koʻrsatish sohasiga toʻgʻri kelgan boʻlib, bunda oʻrtacha ish haqi 6,06 mln soʻmni tashkil etgan. Yana 11,9 foizini 6,7 mln soʻm maosh bilan marketing, reklama va jamoatchilik bilan aloqalar sohasidagi ish oʻrinlari egallagan.

Talab boʻyicha uchlikni goʻzallik, fitnes va sport sohasi yakunlaydi — taxminan 9 foiz. Bu sohadagi nomzodlarga oyiga oʻrtacha 6,44 million soʻm taklif etilmoqda.

Eng yuqori 10 talik ichidagi eng katta ish haqi taklifi avtomobil biznesiga tegishli boʻldi — 7,11 mln soʻm va boʻsh ish oʻrinlarining 7,1 foizi. Daromadlar boʻyicha ikkinchi oʻrinni 7 mln soʻm bilan moliya va buxgalteriya sohasi egalladi, unga ish oʻrinlarining qariyb 4 foizi toʻgʻri keldi.

Uy xodimlari va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning (boʻsh ish oʻrinlarining 5,1 foizi) ish haqi eng past boʻlib qolmoqda — 4,47 mln soʻm. Shuningdek, umumiy ovqatlanish va mehmondoʻstlik sohasidagi takliflar ham nisbatan pastligicha qolmoqda (5,2 foiz) — 4,66 mln soʻm.

Maʼmuriy xodimlar (4,95 mln soʻm) va chakana savdoda (5,11 mln soʻm) taklif qilingan maoshlar biroz yuqoriroq boʻldi. Bundan ham yuqori daromadlar qurilish sohasida taklif qilingan (6 mln soʻm).