Markaziy bank Oʻzbekistonda naqd pulsiz hisob-kitoblarda universal toʻlov QR-kodini yaratishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Markaziy bankning Toʻlov tizimlari departamenti rahbari oʻrinbosari Miraziz Mirhayotov maʼlum qildi.
Mirhayotovning qayd etishicha, hozirda savdo nuqtalarida tadbirkorlar tomonidan koʻpincha QR-kodli bir nechta taxtachalar oʻrnatilgan boʻladi, bu esa xaridorlarga noqulayliklar tugʻdiradi, dedi u.
“Biz yagona standart yaratishni maqsad qilganmiz. Unga koʻra, tashkilotda QR-kod oʻrnatiladi va mijoz uning yordamida oʻzi xohlagan mobil ilova yoki toʻlov xizmati orqali toʻlovni amalga oshirish imkoniyatiga ega boʻladi”, — dedi Mirhayotov.
Regulyator Toʻlov tizimlari departamenti rahbari oʻrinbosarining qoʻshimcha qilishicha, ushbu QR-kodni ishlab chiqish uchun bir yil vaqt kerak boʻladi.
Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, 2024 yilda individual QR-kod olgan tadbirkorlar soni 108 mingdan oshgan. QR-kodlar orqali amalga oshirilgan toʻlovlar hajmi qariyb 31 foizga oshib, 441,79 mlrd soʻmni tashkil etdi.
QR-kodlar orqali toʻlovning afzalliklari qatorida POS-terminallarni oʻrnatish zaruratining yoʻqligi taʼkidlanadi Markaziy bankda. Bu biznes uchun xarajatlarni kamaytiradi. Shuningdek, amalga oshirilgan integratsiya tufayli soliq keshbeki avtomatik ravishda hisoblanishi ham afzalliklar qatoriga kiritilgan.


