14 aprel kuni oʻlchovli oltin quymalarning narxi yangi rekord koʻrsatkichga yetdi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
1 gramm oltin 1 mln 387 ming 340 soʻmga baholanmoqda. 5 grammlik oʻlchovli quyma 6 mln 937 ming soʻmdan sotilmoqda.
Regulyator tomonidan oltin quymalari boʻyicha taqdim qilingan maʼlumotga koʻra:
- 5 gramm oʻlchovli oltin quyma narxi 6 mln 937 ming soʻm;
- 10 gramm oltin quyma narxi 13 mln 873 ming som;
- 20 gramm oltin quyma narxi 27 mln 747 ming soʻm;
- 50 gramm oltin quyma narxi 69 mln 367 ming soʻm;
- 100 gramm oltin quyma narxi 138 mln 734 ming soʻmni tashkil qiladi.
14 aprel kuni oltinning jahon kotirovkalari troya unsiyasi uchun 3230 dollardan oshdi.
Yil boshidan beri oltin AQSHning yangi prezidenti Donald Trampning savdo siyosati va jahon savdosidagi keskinlikning kuchayishi fonida eng daromadli aktivga aylandi. Qimmatbaho metallarga boʻlgan talab dunyoning markaziy banklari tomonidan sotib olinishi bilan qoʻllab-quvvatlanadi.
Yahoo! Financeʻning xabar berishicha, tahlilchilar Oq uyning tarif boʻyicha qarorlarini hisobga olgan holda oltin narxining yanada koʻtarilishini kutmoqda. Jumladan, Macquarie Group vakili Markus Garvi oltin narxi ayrim hollarda 3500 dollargacha yetishi mumkinligini taxmin qilmoqda.


