Eksklyuziv huquqlar berilgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar reyestri eʼlon qilindi. Bu haqda Raqobat qoʻmitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Roʻyxat joriy yilning 28 fevralida qabul qilingan prezidentning iqtisodiyotda raqobatni rivojlantirish va xususiy sektorning rolini oshirish toʻgʻrisidagi farmoniga muvofiq shakllantirildi.
Xususan, 67 ta tadbirkorlik subyektlari va davlat tashkilotlariga jami 81 ta faoliyat turlari boʻyicha eksklyuziv huquq biriktirilgan. Ular birinchi navbatda energetika sohasiga, foydali qazilmalarni qazib olishga hamda davlat bilan bogʻliq funksiyalarga taalluqlidir.
Masalan, 26 ta kompaniya aholi soni 20 ming kishidan kam boʻlgan shahar posyolkalarining bosh rejalarini ishlab chiqish boʻyicha mutlaq huquqqa ega. Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markaziga (E-auksion) esa 16 ta eksklyuziv huquq berilgan.
Roʻyxatdagi kam sonli xususiy kompaniyalardan biri CRPT Turon hisoblanadi. Korxona Asl Belgisi mahsulotlarni markirovkalash tizimining eksklyuziv operatori boʻlib, majburiy markirovkalanadigan mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilarga kodlarni taqdim etadi.
Raqobat qoʻmitasi oʻtgan davr mobaynida, davlat rahbarining tegishli qarorlari bilan 24 ta tadbirkorlik subyektlari va davlat tashkilotlariga berilgan eksklyuziv huquqlar bekor qilinganini qoʻshimcha qildi.
Ekskluziv huquq berilgan xoʻjalik yurituvchilar roʻyxati va ularning faoliyat turlari bilan batafsil havola orqali tanishish mumkin.


