Uzum Tezkor kompaniyasi ustun mavqega ega raqamli platforma operatori sifatida eʼtirof etildi, deya xabar bermoqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi.
Kompaniya tomonidan tayyor ovqat hamda boshqa isteʼmol mahsulotlarini buyurtma berish va yetkazib berish agregatori xizmati bozorida ustun mavqega erishgani toʻgʻrisida qoʻmitaga taqdim etilgan xabarnoma bunga asos sifatida olindi.
Raqobat qoʻmitasi qonun hujjatlariga muvofiq, platformaning ustun mavqeini suiisteʼmol qilish holatlarini oldini olish maqsadida majburiy tartibda Monopoliyaga qarshi komplayens tizimi joriy etadi va tegishli tartibda monitoring oʻtkazib boradi.
Avvalroq Uzum Market marketpleysi ham elektron savdo maydonchalari bozorida ustun mavqega ega deb topilgandi.
Maʼlumot uchun, ustun mavqe — bu tovar yoki moliya bozorida xoʻjalik yurituvchi subyektning yoxud shaxslar guruhining raqobatlashuvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlarga bogʻliq boʻlmagan holda unga oʻz faoliyatini amalga oshirish va raqobatning holatiga hal qiluvchi taʼsir koʻrsatish, tegishli bozorga boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarning kirishini qiyinlashtirish yoxud ularning iqtisodiy faoliyat erkinligini boshqacha tarzda cheklash imkoniyatini beradigan holat. Agar kompaniya yoki shaxslar guruhining bozor ulushi 40 foiz yoki undan yuqori boʻlsa, shuningdek, boshqa hollarda mahsulot yoki moliya bozoridagi ustun mavqe tan olinadi.


