Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Kimlar jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻidan ozod qilingan?

Soliq imtiyozlariga ega boʻlgan shaxslar soliq imtiyozlarini olish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarini yer uchastkasi joylashgan yerdagi soliq organlariga mustaqil ravishda taqdim etishi kerak.

Soliq qoʻmitasi yer soligʻidan ozod qilingan jismoniy shaxslar toʻgʻrisida maʼlumot berdi. Qayd etilishicha, quyidagilar yer soligʻi toʻlamaydi:

  • “Oʻzbekiston Qahramoni”, Sovet Ittifoqi Qahramoni, Mehnat Qahramoni unvonlari, uchala darajadagi Shuhrat ordeni bilan taqdirlangan fuqarolar;
  • urush nogironlari va qatnashchilari;
  • I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar;
  • yolgʻiz pensionerlar;
  • boquvchisini yoʻqotgan koʻp bolali oilalar;
  • Chernobil AESdagi avariya oqibatlarini tugatishda ishtirok etganlik uchun imtiyozlar oladigan fuqarolar.

Uy-joy fondining koʻchmas mulk obyektlarida umumiy quvvati 100 kVtgacha boʻlgan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar uchun soliq summasi qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari oʻrnatilgan oydan eʼtiboran 3 yil davomida, quyosh panellari quvvatidan 25 foizdan kam boʻlmagan quvvatga ega elektr energiyasini toʻplash tizimi mavjud boʻlgan quyosh panellari oʻrnatilganda esa mazkur panellar foydalanishga topshirilgan oydan eʼtiboran 10 yil davomida bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan oshmaydigan summaga kamaytiriladi.

Soliq imtiyozlari yakka tartibdagi uy-joy qurilishi, dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organda roʻyxatdan oʻtkazgan jismoniy shaxslarga beriladi.

Soliq imtiyozlari soliq toʻlovchining tanlovi boʻyicha faqat bitta yer uchastkasiga beriladi.

Soliq imtiyozlariga ega boʻlgan shaxslar soliq imtiyozlarini olish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarini yer uchastkasi joylashgan yerdagi soliq organlariga mustaqil ravishda taqdim etadi.