Yanvardagi faollikning keskin tiklanishi ortidan fevralda sotuvlar 12 foizga pasayib, oldi-sotdi shartnomalari soni 22,4 mingtani tashkil etdi. Oʻtgan yilga solishtirganda shartnomalar soni oʻrtacha 1 foizga oʻsdi (221 ta bitimga oshdi).
Hududiy dinamika
Fevral oyida hududlar kesimida sotuvlar sonida keskinroq pasayish Surxondaryo, Namangan va Jizzax viloyatlarida qayd etilib, sotuvlar 20 foizdan koʻproqqa kamaygan. Toshkent shahrida ham oldi-sotdi bitimlar soni 9,5 foizga pasaygan.
Ikkilamchi bozordagi uy joy narxlari
Oy davomida respublika boʻyicha ikkilamchi uy-joy narxlari 0,6 foizga pasayib, oʻtgan yilga nisbatan oʻrtacha 1 foizga oshdi.
Yillik hisobda hududlar kesimida ikkilamchi uy-joy narxlarining eng yuqori oʻsishi Buxoro, Jizzax va Xorazm viloyatlarida kuzatilib, oʻrtacha 8 foizni tashkil etdi.
Toshkent shahridagi koʻchmas mulk bozoridagi vaziyat
Fevral oyida Toshkent shahri koʻchmas mulk bozori segmentlarida turlicha tendensiya kuzatildi. Xususan, ikkilamchi bozorda narx 0,3 foizga pasaygan boʻlsa, birlamchi bozorda, aksincha, narx 2,5 foizga oshdi.
Oʻtgan yilning fevral oyiga nisbatan ikkilamchi bozorda bir kvadrat metr uy-joyning oʻrtacha narxi 5,1 foizga, birlamchi uy-joy narxi esa 3,1 foizga pasaydi.
Toshkent shahri boʻyicha ikkilamchi uy-joy narxida eng katta pasayish Mirzo Ulugʻbek (8,5 foiz), Chilonzor (6,9 foiz) va Yashnobod (6,6 foiz) tumanlarida kuzatildi.
Yangi uylar narxlarida ham pasayish kuzatildi. Yil davomida bir kvadrat metr uchun oʻrtacha narxlarda eng sezilarli pasayish Uchtepa (10,1 foiz), Shayxontohur (10,1 foiz) va Mirobod (9,1 foiz) tumanlarida qayd etildi.
Uy-joy ijara bozori
Fevralda Toshkent shahrida oʻrtacha ijara narxlarida biroz pasayish (-0,8 foiz) kuzatilib, oʻrtacha ijara narxi 8,0 dollarni (bir kvadrat metr uchun) tashkil etdi.
Poytaxtning Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi nisbatan yuqoriligicha qolmoqda. Ushbu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun oʻrtacha 10 dollarni tashkil etadi.
Shu bilan birga, Toshkent shahrida ijara narxi oʻtgan yilga nisbatan 9,8 foizga pasaygan. Eng katta pasayish Yunusobod (13,7 foiz), Chilonzor (12,5 foiz) va Olmazor (12,2 foiz) tumanlarida qayd etilgan.
Maʼlumot uchun, Oʻzbekistondagi koʻchmas mulk bozori Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining tadqiqot yoʻnalishlaridan biri boʻlib, unda birlamchi va ikkilamchi koʻchmas mulk bozorlaridagi faollik dinamikasi taqdim etib boriladi


