Jamgʻarma “Kambagʻal oilalar reyestri”dagi oila aʼzolarining bandligini taʼminlash, tadbirkorlikka jalb etishga koʻmaklashish uchun ularga hamda ular bandligiga yordam beruvchi yuridik va jismoniy shaxslarga subsidiya, grant va ssudalar ajratishga qaratilgan.
2025 yilning 1 oktyabridan jamgʻarma mablagʻlari hisobidan fuqarolarga naqd pul shaklida beriladigan mablagʻlar bosqichma-bosqich ijtimoiy karta orqali taqdim etiladi.
Yengil konstruksiyali issiqxonalar oʻrnatish, sugʻorish vositalari, urugʻliklar va koʻchatlar xarid qilish uchun subsidiyalar “Jamgʻarma-tashkilot-talabgor” oʻrtasida tuzilgan uch tomonlama shartnomalar asosida ajratiladi.
Bunda aholiga quyidagilar uchun subsidiya beriladi:
- yengil konstruksiyali issiqxonalar oʻrnatish uchun — BHMning 30 baravarigacha (11,25 mln soʻm);
- sugʻorish vositalari xaridi uchun — BHMning 10 baravarigacha (3,75 mln soʻm);
- urugʻlik va koʻchatlar sotib olish uchun — BHMning 3 baravarigacha (1,125 mln soʻm).
Talabgor subsidiya olish uchun oʻzining doimiy yashash manzilidagi hokim yordamchisi yoki Yagona portal hamda “Onlayn mahalla” elektron platformasi orqali murojaat qilishi mumkin.
Eslatib oʻtamiz, 2024 yilning sentyabrida qabul qilingan prezident qarori bilan aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamgʻarmasi negizida Kambagʻallikni qisqartirish davlat maqsadli jamgʻarmasi tashkil etilishi maʼlum qilingandi.

