Asosiy mazmunga oʻtish
Jonli maʼlumot 19avgust · Chorshanba
USD 11 820,40 ▼ −36,95 EUR 13 684,48 ▼ −61,75 RUB 139,05 ▼ −0,27 GBP 15 990,64 ▼ −84,37
Maʼlumot: Markaziy bank
Tahlil

AQSH va Ukraina oʻrtasida nodir metallar toʻgʻrisidagi bitim imzolanmadi

Ukraina prezidentining Vashingtonga tashrifi davomida foydali resurslar boʻyicha bitim imzolanishi kerak edi. U AQSH homiyligi ostida fond tuzishni nazarda tutardi. Ammo Tramp va Zelenskiy oʻrtasida yuz bergan bahsdan keyin bitim imzolanmadi. Xoʻsh, ushbu hujjatda nimalar keltirilgan edi. Quyida shu haqda maʼlumot beramiz.

“Amerika yordami evaziga ukrain resurslari” boʻyicha bitim tuzish rejasi haqida AQSH prezidenti Donald Tramp Ilk bor 3 fevral kuni eʼlon qildi. “Bu juda katta bitim. Bu trillion dollarlik bitim boʻlishi mumkin”, — deb taʼkidladi u 25-fevral kuni. Shu kuni gʻarb va ukrain OAV shartnoma kelishilgani haqida xabar berdi, 26 fevral kuni esa uning matni The Financial Times (FT) va “Yevropeyskaya pravda” tomonidan eʼlon qilindi.

Hujjat “Tiklanish investitsiya fondi qoidalari va shartlarini belgilash boʻyicha ikki tomonlama kelishuv” deb nomlanadi va 11 moddadan iborat (AQSH tomonidan hujjat ustidagi ish hali davom etayotgani taʼkidlangan).

Kiyev va Vashington birgalikda Tiklanish investitsiya fondini tuzishga kelishib oldi. Unga Ukraina hukumati davlat mulkida boʻlgan (minerallar, neft, gaz) tabiiy resurslar savdosidan tushgan daromadning 50 foizini yoʻnaltiradi, biroq bu “Naftogaz” va “Ukrnafta” faoliyat sohasiga tegishli boʻlmaydi.

Jamgʻarilgan mablagʻlar kamida yilda bir marta Ukraina loyihalariga qayta investitsiya qilinadi va bu “respublika xavfsizligi, himoyasi va farovonligiga koʻmak berish” maqsadini koʻzlaydi. AQSH esa oʻz navbatida “barqaror va iqtisodiy jihatdan rivojlangan Ukrainani shakllantirish boʻyicha uzoq muddatli majburiyatlarni” oʻz zimmasiga oladi. Fond haqidagi aniq tafsilotlar alohida kelishuvda belgilab qoʻyiladi.

Ommaviy axborot vositalariga kelib tushgan kelishuvning dastlabki varianti Ukraina uchun ancha qattiq majburiyatlarni nazarda tutardi. Unga koʻra, Kiyev tabiiy resurslarni sotishdan tushgan daromadning 50 foizini Tiklanish investitsiya fondiga yoʻnaltirishi shart edi va bu miqdor kamida 500 milliard dollarga yetguncha davom etishi kerak boʻlgan. Shuningdek, Ukraina AQSH kelishuv imzolanganidan soʻng taqdim etadigan mablagʻning ikki barobari miqdorida fondga investitsiya kiritish majburiyatini oladi.

Bundan tashqari, dastlabki kelishuvda fond 100 foiz AQSHga tegishli boʻlishi koʻzda tutilgan edi. Ammo ushbu moddalar kelishuvdan chiqarib tashlandi.

Bunga javoban Kiyev hujjatga AQSH tomonidan xavfsizlik kafolatlari kiritilishini talab qildi. Natijada, kelishuv matnida Vashingtonning “Ukrainaga uzoq muddatli tinchlikni taʼminlash uchun zarur xavfsizlik kafolatlarini olish yoʻlidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashi” haqidagi bandi paydo boʻldi.

Kelishuvni Ukrainadagi asosiy vazirliklar — adliya, iqtisodiyot va tashqi ishlar vazirliklari allaqachon maʼqullagan. The Financial Times manbalariga koʻra, bu hali faqat “chegaraviy kelishuv” boʻlib, fond tashkil etilgunga qadar barcha ehtimoliy kelishmovchiliklar hal qilinishi rejalashtirilgan.

Ukraina gʻabr hamkorlarga oʻzining tabiiy resurslaridan foydalanish imkonini berish gʻoyasini Vladimir Zelenskiy 2024 yil oktyabr oyida rasman taqdim etgan “Gʻalaba rejasi”da bayon qilgan. Hujjatning respublika strategik iqtisodiy salohiyatiga bagʻishlangan 4-moddasida Zelenskiy hamkorlar bilan “mavjud tanqis resurslarni birgalikda himoya qilish” va ularga investitsiya kiritish boʻyicha bitim imzolashni taklif qilgandi.

“Gap qiymati trillionlab dollarga teng tabiiy resurslar va nodir metallar haqida ketmoqda – bu, xususan, uran, titan, litiy, grafit va boshqa strategik qimmatbaho resurslardir”, — deyilgan rejada.

FT maʼlumotlariga koʻra, ushbu bandni rejaga kiritish taklifi Donald Tramp tarafdori, respublikachilar senatori Lindsi Gremdan chiqqan. Zelenskiy bu rejani 2024 yil sentyabr oyida AQSHga tashrifi chogʻida Trampga taqdim etgandi.

AQSH va Ukraina kelishuv boʻyicha qanday muzokaralar olib bordi

Shu paytgacha oʻtkazilgan muzokaralar oson kechmadi. 12 fevral kuni, Tramp kelishuv haqida eʼlon qilganidan toʻqqiz kun oʻtib, AQSH moliya vaziri Skott Bessent Kiyevga kelishuvning tayyor varianti bilan yetib keldi.

Ukraina tomoniga hujjat matni Bessentning Zelenskiy bilan uchrashuvidan atigi uch soat oldin taqdim etildi. Uchrashuvda esa moliya vaziri hujjatni darhol imzolashni talab qildi. Biroq Zelenskiy bu talabni keskin rad etdi.

Manbalarga koʻra, Zelenskiy amerikalik vakil bilan shunday baland ovozda gaplashganki, uning soʻzlari qoʻshni xonalardan ham eshitilgan. Uchrashuvdan keyin esa Zelenskiy “qoʻllari titrayotgani yaqqol koʻringan” Bessentning yonida turib, jurnalistlarga kelishuvni Myunxendagi xavfsizlik konferensiyasida imzolashini maʼlum qilgan.

Kelishuvning kechikishi va Rossiya-AQSH muzokaralari

Myunxenda Ukraina AQSHga oʻzi taklif etgan tuzatishlarini taqdim qildi, shuning uchun kelishuvni imzolash yana kechiktirildi.

18 fevral kuni Ar-Riyodda Rossiya va AQSH oʻrtasida muzokaralar boʻlib oʻtdi, unda tomonlar Ukraina boʻyicha siyosiy yechim jarayonini boshlashga kelishib oldi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bu uchrashuvga juda keskin munosabat bildirdi va:
«Moskva va Vashington bizning odamlarimiz va hayotimiz haqida, urushni toʻxtatish haqida bizsiz muzokaralar olib bora olmaydi», — dedi.

Bunga javoban Donald Tramp Zelenskiyga nisbatan keskin bayonotlar berdi. Uni “saylovsiz diktator” deb atadi. Shu bilan birga, Kiyev xalqaro sotsiologiya institutining 2025 yil fevral oyidagi soʻrovnomasi boʻyicha 57 foiz ukrainaliklar Zelenskiyga ishonch bildirganini maʼlum qildi.

Trampning Ukraina qarzi haqidagi bayonoti va tahdidi

Donald Tramp kelishuvda tilga olingan 500 milliard dollar – bu AQSHning Ukrainaga koʻrsatgan yordami uchun Kiyev allaqachon qarzdor boʻlgan mablagʻ ekanini taʼkidladi. Uning aytishicha, Vashington bu pullarni resurslar boʻyicha kelishuv orqali qaytarib olishni rejalashtirgan.

Keyinroq Tramp yanada keskin bayonot berib,“Ukraina yoki kelishuvga rozi boʻlib, AQSHga 400–500 milliard dollarni qoplaydi, yoki muammolarga duch keladi”, — dedi.

AQSH prezidentining maslahatchisi Mayk Uolts esa Trampning reaksiyasini izohlab:
«Prezident Tramp hozir Zelenskiydan juda xafa, chunki u… bizning taklifimizni qabul qilishni istamadi. Ammo oʻylaymanki, u baribir oxir-oqibat buni qabul qiladi», — dedi.

Zelenskiy qarz talabini rad etdi

“Men AQSHdan 500 milliard dollar yordam olganim yoʻq. Kimgadir bu yoqadimi-yoʻqmi – farqi yoʻq. Men hatto 100 milliard dollarni ham tan olmayman. Biz prezident Bayden bilan bu mablagʻ grant sifatida berilayotgani haqida kelishib olganmiz! Grant – bu majburiyat emas. Biz grantlarni qaytarmaymiz… Men oʻn avlod ukrainaliklar toʻlashga majbur boʻladigan hujjatga imzo chekmayman”, — dedi u.

26 fevral kuni Zelenskiy kelishuvning yakuniy varianti uni qoniqtirganini bildirdi:
“Men uchun eng muhimi – biz qarzdor emasligimiz. Mediada nima deyilayotganidan qatʼi nazar. Kelishuvda 500 milliard qarz ham, 350 milliard ham, 100 milliard ham yoʻq. Chunki bu bizga nisbatan adolatsiz boʻlar edi”, — dedi u jurnalistlarga.

Ukrainadagi tabiiy resurslar va ular AQSHga nega kerak?

Donald Tramp Ukraina tabiiy resurslariga kirish imkoni haqida gapirganida aslida nima nazarda tutgani haligacha aniq emas. U faqatgina nodir yer metallarini (17 element, jumladan, skandiy, ittriy, lantan, prazeodim, neodim va boshqalar) nazarda tutganmi yoki kengroq maʼnoda “kritik foydali resurslar” haqida soʻz ketyaptimi – buyam noaniq.

AQSH Geologiya xizmati (USGS) 2022 yil roʻyxati boʻyicha “kritik foydali resurslar” 50 ta boʻlib, ular orasida litiy, kobalt, vismut, grafit, titan, sirkoniy va boshqalar bor.

Bu elementlar kuchli doimiy magnitlar, smartfonlar va boshqa isteʼmol elektronikasi, harbiy dvigatellar, raketalar va lazer tizimlari ishlab chiqarishda foydalaniladi. Gazprombank iqtisodiy prognoz markazi maʼlumotlariga koʻra, jahon bozorida nodir yer elementlari savdosi 15 milliard dollardan oshmaydi. Biroq, AQSH sanoati bu metallar boʻyicha asosan Xitoyga bogʻliq. CBS maʼlumotlariga koʻra, Xitoy jahonda nodir yer metallari qazib olishning 70 foizini taʼminlaydi, jahonda ularni qayta ishlashning 90 foizi ham Xitoyda amalga oshiriladi. Yaʼni, hatto oʻz resurslariga ega davlatlar ham ularni qayta ishlash uchun Xitoyga yuborishga majbur.

Ukraina resurslari boʻyicha kelishuvda nimalar nazarda tutilgan?

Eʼlon qilingan kelishuv matniga koʻra, AQSH va Ukraina investitsiyalarni quyidagi sohalarga yoʻnaltirishni rejalashtirmoqda:

  • Foydali qazilma konlari;
  • Uglevodorodlar, neft va tabiiy gaz;
  • Boshqa qazib oluvchi materiallar;
  • Infratuzilma, portlar va davlat korxonalari.

Bu, ehtimol, AQSHning Xitoyga bogʻliqlikni kamaytirish va noyob yer metallari manbalarini diversifikatsiya qilish harakatlaridan biri sifatida qaralishi mumkin.

Ukraina marganes, titan va grafitning muhim ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi, oxirgisi esa litiy-ion akkumulyatorlarida qoʻllaniladi. Shuningdek, mamlakat litiy zaxiralariga ega, ammo ular hali qazib olinmagan. Biroq, AFP taʼkidlashicha, Ukrainada nodir yer metallari zaxiralari hali tasdiqlanmagan.

S&P Global Commodity Insights maʼlumotlariga koʻra, Ukraina noyob yer metallari zaxiralari boʻyicha asosan Sovet Ittifoqi davridagi baholarga tayanadi, bu geologik tadqiqotlar asosan 1960–1980-yillarda oʻtkazilgan. Ukraina Davlat geologiya va yer osti boyliklari xizmati sobiq rahbari Roman Opimax agentlikka maʼlum qilishicha, nodir yer metallari zaxiralarining zamonaviy baholashi mavjud emas, shuningdek, u maʼlumotlarning bir qismi maxfiy ekanligini taʼkidlagan.

Ukraina hukumati taqdim etayotgan konlaridan biri 1970 yilda sovet geologlari tomonidan topilgan Novopoltavskoye koni (Zaporojye viloyati) boʻlib, u yagona tasdiqlangan kon hisoblanadi. Shuningdek, agentlik Azovskoye va Mazurovskoye konlari haqida maʼlumot berib, ular hozir Rossiya nazoratiga oʻtganini taʼkidlagan.

Qator mutaxassislar Ukrainada noyob yer metallari zaxiralarining miqyosiga shubha bilan qaraydi. “Men Ukrainada hech qanday katta hajmdagi nodir yer elementlari zaxiralari haqida eshitmaganman. Bu faqat navbatdagi xayolparvarlik boʻlib, biz qandaydir moʻjizaviy tarzda tanqidiy ahamiyatga ega qazilma boyliklarga kirish muammosini hal qilamiz, degan fikr. Mening xayorimga kelgan eng yaqin analogiya — bu Afgʻoniston yer osti boyliklari haqidagi oʻxshash boʻrttirish, goʻyo u yerda trillionlab dollarlik foydali qazilmalar mavjud”, — dedi Kolorado Gornorud instituti Peyn direktori Morgan Bazilian.

Ukrainada iqtisodiy jihatdan foyda keltiradigan noyob yer metallari konlari mavjud emas, deb taʼkidlaydi mustaqil geologiya konsultanti Toni Mariano.