Samarqand viloyatida yirik miqdorda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati fosh etildi. Bu haqda inspeksiya matbuot xizmati xabar berdi.
Oʻtkazilgan tezkor tadbirda Ishtixon tumanidagi “M.G.M.” oilaviy korxonasiga tegishli binoning yon tomonidagi yertoʻlada 244,4 kVt quvvatga ega 89 ta mayning qurilmasi aniqlandi. Ushbu qurilmalar elektr hisoblagichni chetlab oʻtib, toʻgʻridan-toʻgʻri tarmoqqa ulanib, noqonuniy ravishda elektr energiyasidan foydalanib kelgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, bu noqonuniy foydalanish orqali 28 milliard 896 million soʻmlik elektr energiyasi oʻgʻirlangani maʻlum boʻldi.
Holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi va jinoiy ish qoʻzgʻatildi.
Bundan oldin, Samarqand viloyatining boshqa hududlarida ham mayning fermalarida noqonuniy elektr energiyasidan foydalanish holatlari aniqlangan edi. Jumladan, oktyabr oyida 55 ta qurilma orqali 5,5 milliard soʻmlik elektr energiyasi noqonuniy ravishda ishlatilgani maʻlum boʻlgan.
Shuningdek, Navoiy shahrida 106,5 million soʻmlik, Yuqori Chirchiq tumanida esa 139,9 million soʻmlik elektr energiyasi oʻgʻirlangani haqida ham maʻlumotlar mavjud.


