“Oʻzenergoinspeksiya” matbuot xizmati maʻlum qilishicha, Bulungʻur tumanidagi nonvoyxonada tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati tekshiruv davomida aniqlangan. Fuqaro X.K. “Mehrjon” MFYda joylashgan oʻziga tegishli nonvoyxona uchun yerosti gaz tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan ulanishni amalga oshirib, soʻngra gazdan noqonuniy tarzda foydalanishni boshlagan.
Ushbu qoidabuzarlik natijasida dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, gaz taʻminoti korxonasiga 660 million soʻm miqdorida zarar yetkazilganligi aniqlangan. Hozirda mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tegishli hujjatlar yuborilgan va ish qonuniy tartibda koʻrib chiqilmoqda.
Eslatib oʻtamiz,avvalroq, boshqa viloyatlarda ham shunga oʻxshash holatlar aniqlangan edi. Masalan, Namangan viloyatidagi nonvoyxonada 273 million soʻmlik, Jizzaxda esa qariyb 700 million soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari roʻy bergan. Bundan tashqari, Fargʻona viloyatida 5 ta nonvoyxona tomonidan jami 771 million soʻmdan ortiq gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan. Urganch tumanida esa, 2 milliard soʻmdan ortiq tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatiga yoʻl qoʻyilgan.


