Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Toshkentda jamoat transporti xizmatlari 24 soatlik rejimga oʻtkazilishi mumkin

Toshkentda jamoat transporti xizmati tun-u kun ishlash rejimiga oʻtkazilishi kutilmoqda. Bu qaror poytaxtdagi tungi transport xizmatlari yetishmasligini bartaraf etish va tungi iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan.

Toshkent shahrida jamoat transporti (avtobuslar, metro, tramvay) xizmati 24 soat ishlash rejimiga oʻtkazilishi mumkin. Bu taklif, Strategik islohotlar agentligi tomonidan ishlab chiqilgan va tungi iqtisodiyot sohasidagi xorijiy tajribalar oʻrganilgan holda tayyorlangan.

Hozirda poytaxtda avtobuslar 05:00 dan 23:00 gacha, metro esa 05:00 dan 00:00 ga qadar xizmat koʻrsatmoqda. Shu bilan birga, tungi vaqtlarda shaxsiy yoʻnalishsiz taksi xizmatlari orqali transport talablarini qondirishga harakat qilinmoqda, ammo jamoat transportining faoliyati yoʻq. Toshkentda jamoat transportini 24 soatlik rejimga oʻtkazish, ayniqsa tungi soatlarda koʻplab aholi va turistlar uchun qulaylik yaratadi.

Tungi iqtisodiyotni rivojlantirish borasida shuningdek, madaniyat, sanʻat va sport muassasalari faoliyatining kengaytirilishi taklif etilmoqda. 2025-yil 1-fevralga qadar tungi iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlash uchun ishchi guruh tuzilishi, shuningdek, “Tungi Toshkent” elektron platformasini yaratish rejalashtirilgan. Ushbu platformada tunda faoliyat yuritayotgan maskanlar, transport yoʻnalishlari va maxsus takliflar haqida maʻlumotlar taqdim etiladi.

Dunyo tajribasiga qaraganda, Londonda tungi iqtisodiyotdan yillik 44 mlrd dollar, Nyu-Yorkda 35 mlrd dollar, Dubayda 29 mlrd dollar, Sidneyda esa 3,8 mlrd dollar iqtisodiyotga tushum keltirgan. Ushbu shaharlarda tungi iqtisodiyotning rivojlanishi uchun alohida hududlar ajratilgan, 24 soat faoliyat yuritadigan transport yoʻnalishlari va xavfsizlikni taʻminlash uchun maxsus patrul xizmatlari tashkil etilgan. Toshkentda ham, tungi iqtisodiyotni rivojlantirish va turizm salohiyatini oshirish maqsadida, alohida hududlar belgilab, tungi faoliyat zonalari tashkil etilishi koʻzda tutilmoqda.

Shuningdek, shaharda gastronomik koʻchalar, tungi klublar, muzeylar va sport majmualarining faoliyatini kengaytirish rejalashtirilmoqda. Bularning barchasi mahalliy va xorijiy turistlarga yangi imkoniyatlar yaratadi. Toshkentda tungi iqtisodiyotni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan qonun va farmonlar ishlab chiqilishi, shuningdek, iqtisodiy va madaniy salohiyatni oshirish uchun tegishli normativ-huquqiy asoslar yaratish zarurligi aytilgan.