Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

Toshkentda tramvay faoliyatini tiklash taklif qilindi

Poytaxtda tramvay faoliyati 115 yillik tarixga ega.

Foto: Oʻzbekiston temir yoʻllari axborot xazmati

Oʻzbekiston 24 telekanalida efirga uzatilgan “Menimcha” teleloyihasida Toshkent jamoat transportidagi muammolarni hal qilish uchun tramvaylar faoliyatini tiklash taklif qilindi.

Loyiha muallifi Xayrulla Nuriddinov Toshkent shahridagi jamoat transporti muammolari haqida gapirib, tramvay faoliyatini tiklash taklifini berdi.

“Transport faoliyatini takomillashtirish maqsadida Toshkentga tramvaylarni qaytarish kerak, menimcha. Katta va gavjum shaharga tramvay juda asqatadi. Hammamizning esimizda-ku oʻsha qulay, bejirim, bir tekis yuradigan, eng muhimi ekologiyaga umuman zarar yetkazmaydigan qadrdon tramvaylar. Bu mening fikrim, albatta. Agar Toshkent mutasaddilarining oʻrnida boʻlganimda, ana shu tashabbus bilan chiqardim”, — deydi Xayrulla Nuriddinov.

Qayd etish kerakki, Toshkent shahrida tramvay faoliyati 115 yillik tarixidan keyin 2016 yil may oyida toʻxtatilgandi. Oʻsha yili 2 may kuni “Beshqayragʻoch”–Ippodrom bozori yoʻnalishidagi 17-tramvay oxirgi reysini bajargan.

Chexiyadan olib kelingan zamonaviy Vario LF tramvaylari poytaxtda 4 yil harakatlangach, Samarqandga olib ketildi. 2017 yil aprel oyidan buyon Samarqandda Sartepa–Temiryoʻl vokzali va Siyob bozori–Temiryoʻl vokzali yoʻnalishida tramvaylar harakatlanmoqda. Bungacha Samarqandda 1947-1973 yillarda oraligʻida ham tramvay harakatlangan.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Toshkentda jamoat transportini rivojlantirish taqdimoti bilan tanishgani xabar qilingandi.